Curunkali yog‘ingarchiliklar tufayli Sirdaryo viloyati Sirdaryo tumanidagi xo‘jaliklararo kollektorining Baxt shaharchasi hududidan oqib o‘tuvchi qismida suv sathi me’yoridan oshib ketdi. Bu haqda FVV xabar bermoqda.

Natijada qishloq xo‘jaligining shudgor yerlariga, mahallalar va aholi yashash xonadonlariga, xususan, Baxt shahri «Xazina» MFYning «Xamiyatli» ko‘chasida 21 ta, «Tarovatli» ko‘chasida 7 ta, «Ulug‘ yo‘l» ko‘chasida 35 ta, «Peshqadam» ko‘chasida 12 ta, «Yangi qurilish» ko‘chasida 27 ta xonadonga suv kirgan.


Vaziyat oqibatlarini bartaraf etish maqsadida Baxt shahri IIBda tuman hokimligi, FVB, IIB, MG xodimlari va mahalla vakillaridan iborat 3 ta ishchi guruh tuzildi.

«Ishchi guruh tomonidan suv toshgan xonadonlar aholisini xavfsiz hududlarga ko‘chirish haqida ogohlantirish xatlari berilib, „Xazina“ MFYdan 20 ta xonadonda yashovchi 68 nafar fuqaro vaqtinchalik yaqin qarindoshlari xonadonlariga ko‘chirildi. Ko‘chirilgan aholi uchun tibbiy va boshqa ta’minot tadbirlari tashkil etildi», — deya qayd etdi FVV.

Suv toshish oqibatlarini bartaraf etish uchun viloyat Favqulodda vaziyatlar boshqarmasi, Avtoyo‘l xizmati, Suv xo‘jaligi vazirligi viloyat tuzilmalari jalb qilingan.

Shuningdek, voqea joyiga FVVdan qutqaruvchilar yetib borgan. Jizzax va Toshkent viloyatlari FVBlaridan qo‘shimcha kuch va vositalar safarbar etildi, hozirda suvni chiqarish ishlari olib borilmoqda, deyiladi xabarda.