O‘zbekiston Oliy Majlisi Senatining yigirma to‘rtinchi yalpi majlisi 17 mart kuni soat 10:00 da o‘z ishini boshlaydi.Bu haqda parlament yuqori palatasi matbuot xizmati xabar qildi.

Yalpi majlisni 17−18 mart kunlari videokonferensaloqa shaklida o‘tkazish rejalashtirilgan.

Senatorlar «O‘zbekiston Respublikasining Mehnat kodeksini tasdiqlash to‘g‘risida»gi, «Nobank kredit tashkilotlari va mikromoliyalashtirish faoliyati to‘g‘risida»gi, «Kiberxavfsizlik to‘g‘risida»gi, «Organik mahsulotlar to‘g‘risida»gi, «Reklama to‘g‘risida»gi qonunlarni ko‘rib chiqadilar.

Bundan tashqari, «O‘zbekiston Respublikasining Fuqarolik kodeksiga qiynoqqa solishdan jabrlanganlarga yetkazilgan zararni qoplash tartibini takomillashtirishga qaratilgan qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi, «Inson a’zolari va to‘qimalarining transplantatsiyasi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni qabul qilinganligi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida»gi, «Korporativ boshqaruv tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risida»gi qonunlar muhokama etilishi rejalashtirilgan.

senatorlar O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Inson huquqlari bo‘yicha vakili (ombudsman)ning 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotini eshitadi.

Yalpi majlisda Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanining chegaralarini o‘zgartirish va Ko‘kdala tumanini tashkil etish masalasi ko‘rib chiqiladi.

Shu bilan birga, Tashqi ishlar vazirligining 2021 yildagi faoliyati to‘g‘risidagi, ichki ishlar vazirining huquqbuzarliklarning oldini olish va ularning profilaktikasi holati to‘g‘risidagi 2021 yil yakuni bo‘yicha, Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi direktorining davlat organlari va tashkilotlari faoliyati ochiqligini ta’minlash borasida amalga oshirilgan ishlar to‘g‘risidagi axborotlari eshitilishi ham rejalashtirilgan.

Senatorlar tomonidan qon va uning tarkibiy qismlari donorligi sohasini rivojlantirish uchun ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovi natijalarini ko‘rib chiqish nazarda tutilgan.

Yalpi majlis «O‘zbekiston» va «Uzreport» telekanalari, shuningdek, Senatning www.senat.uz rasmiy sayti va ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoritib boriladi.