Rossiyalik milliarder Alisher Usmonovning USM xoldingi «Kapitalbank» (O‘zbekiston) AKBning 61,54 foizlik aksiyalariga egalik qilayotgan «Telekominvest» (Rossiya) va FINANCE TCI (O‘zbekiston) kompaniyalarining 100 foizlik ustav kapitalini sotish bo‘yicha kelishuvni imzoladi. Bu haqda «Kapitalbank» matbuot xizmati xabar qildi.

Kelishuv «Kapitalbank» biznesini birgalikda rivojlantirishdan manfaatdor xususiy investorlar guruhi tashabbusi bilan bo‘lib o‘tdi, deyiladi xabarda.

Kelishuvning tijoriy shartlari oshkor qilinganicha yo‘q.

Eslatib o‘tamiz, fevral oyi boshida Alisher Usmonovning USM xoldingining sho‘’ba korxonasi bo‘lgan «Telekominvest» bilan afillangan Finance TCI kompaniyasi «Kapitalbank»ning 12,18 foiz aksiyalari egasiga aylangandi. Ushbu kompaniyalar birgalikda bankning umumiy 61,54 foiz aksiyalariga egalik qilishni boshlagandi.

Avvalroq AQSh va Yevropa Ittifoqi 24 fevral kuni Rossiya qo‘shinlari Ukraina hududiga bostirib kirgani munosabati bilan bir guruh rossiyalik oligarxlar va siyosatchilar, ularning oila a’zolariga sanksiyalar joriy etib, ularning aktivlari muzlatilishini ma’lum qildi.