1 mart kuni Etender.uzex.uz davlat portalida Moliya vazirligi qoshidagi moliya organlari hamda budjet tashkilotlarining moliya-hisob bo‘linmalari xodimlarini tayyorlash va qayta tayyorlash o‘quv markazi tomonidan qariyb 700 mln so‘mlik tender e’lon qilindi.

Tender talablariga ko‘ra, talabgorlar 2022 yil davomida «Moliyachi ma’lumotnomasi» byulletenining 1−12-sonlarini oyma-oy chop etishlari kerak bo‘lgan. Yillik adadi 51 ming donani tashkil etuvchi mazkur byulletenni chiqarish uchun o‘tkazilgan tenderning boshlang‘ich qiymati 758,5 mln so‘m etib belgilangan.

Ushbu tenderda 2 nafar korxona qatnashgan bo‘lib, ular orasidan INVEST BOOK MCHJ g‘olib deb topilgan. Qariyb 6 mlrd so‘m ustav fondiga ega ushbu MCHJning uch nafar ta’sischisi mavjud. Aksiyalarning 65,4 foizi Sadikov Shuxrat Nigmatdjanovichga tegishli. Uning ukasi, u bilan tenderda raqobatlashgan firma ta’sischisi Sadikov Dilshod Nigmatdjonovich esa EUROASIA PRINT MCHJning 100 foizlik aksiyasiga ega.

Foto: stat.uz saytidan skrinshot

Foto: stat.uz saytidan skrinshot

Ishtirokchilarning qarindosh ekanligi korxonalardan birining direktori orqali tasdiqlandi. «Gazeta.uz» ushbu masala bo‘yicha Moliya vazirligi bilan bog‘lanib, ma’lumotlarni taqdim etdi. Vazirlik matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Statistika qo‘mitasiga korxona ta’sischilarining qarindoshligini tasdiqlash bo‘yicha so‘rov yuborilgan.

«O‘rganish boshlangan, agar ma’lumot tasdiqlansa, tender bekor qilinadi», — deya izoh berdi Moliya vazirligi matbuot xizmati.

Etender portalida joylangan ma’lumotga ko‘ra, tender 28 fevral kuni o‘tkazilgan, ammo EUROASIA PRINT MCHJ vakilining ma’lum qilishicha, tender bir oy avval o‘tkazib bo‘lingan. Moliya vazirligi matbuot xizmati esa tender uchinchi marotaba o‘tkazilayotgani, birinchi safar (bir oy oldin) tenderda birorta ham ishtirokchi ro‘yxatdan o‘tmaganini ma’lum qildi. Ikkinchi tenderda esa birgina ishtirokchi ruyxatdan o‘tgan. Shu boisdan ikki safar ham tender bekor qilingan. 28 fevral kuni esa uchinchi marotaba o‘tkazishga urinilgan.

Shuningdek, vazirlik matbuot xizmati hozirgacha ushbu korxonalar hisobiga hech qanday mablag‘ o‘tkazilmaganini ta’kidladi. Ma’lum qilinishicha, ushbu hodisa yuzasidan vazirlik qoshidagi o‘quv markazida ichki tekshiruv o‘tkaziladi.

«Gazeta.uz» mazkur vaziyat yuzasidan Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligiga ham so‘rov yubordi.