1 mart kuni soat 9:15da «O‘zbekiston havo yo‘llari»ning ikkinchi maxsus samolyoti Ukrainadan evakuatsiya qilingan 258 nafar O‘zbekiston fuqarosi bilan Polshaning Katovitse shahridan Toshkentga yetib keldi. Bu haqda O‘zbekiston Tashqi ishlar vazirligi rasmiy vakili Yusup Qobuljonov ma’lum qildi. Birinchi reys 28 fevral kuni oqshomda 241 kishi bilan yetib kelgan edi.

Hozirgacha O‘zbekiston diplomatik vakolatxonalari va mutasaddi tashkilotlarining sa’y-harakatlari natijasida Ukrainadan jami 509 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgan, deyiladi TIV rasmiy vakili xabarida. Hozirgi vaqtda «Karchova» nazorat-o‘tish punktidagi to‘planish joyida bo‘lib turgan 650 dan ortiq O‘zbekiston fuqarolari uchun barcha zarur sharoitlar yaratilgan. Ularni olib kelish uchun yana qator evakuatsion reyslarni tashkillashtirish ko‘zda tutilgan.

«Yurtdoshlarimizni olib kelish uchun yana qator evakuatsion reyslarni tashkillashtirish ko‘zda tutilmoqda», — deyiladi xabarda.

O‘zbekistonning Polshadagi elchixonasi diplomatlari fuqarolarning masalalarini hal qilish bilan shug‘ullanmoqda va ularning aeroportda bo‘lib turishlarini muvofiqlashtirmoqda. Elchixonada uzluksiz ishlaydigan tezkor shtab tashkil etilgan.