Yevropa Ittifoqi Rossiyaning Ukrainadagi harbiy amaliyoti tufayli sanksiyalar ro‘yxatini kengaytirdi.

Ular orasida USM holding asoschisi, kelib chiqishi asli o‘zbekistonlik bo‘lgan rus milliarderi Alisher Usmonov ham bor. Alisher Usmonov Toshkentdagi Islom sivilizatsiyasi markazi qurilishini moliyalashtirmoqda, shuningdek, O‘zbekiston madaniy merosini saqlab qolish, shu jumladan, Toshkentda modernizm me’morchiligini qayta tiklash bo‘yicha loyihalarni qo‘llab-quvvatlamoqda. U bilan aloqador bo‘lgan Rossiya kompaniyalari yaqinda «Kapitalbank» va «Ohangaronsement» aksiyalarini qo‘lga kiritgan edi.

Unga qo‘shimcha ravishda ro‘yxatga quyidagilar ham kiritilgan:

  • Igor Sechin, «Rosneft» rahbari;
  • Nikolay Tokarev, «Transneft» rahbari;
  • Pyotr Aven, tadbirkor;
  • Mixail Fridman, tadbirkor;
  • Sergey Roldugin, violonchelchi;
  • Dmitriy Peskov, Rossiya prezidenti matbuot kotibi;
  • Dmitriy Chernishenko, Rossiya bosh vaziri o‘rinbosari;
  • Irek Fayzulin, Rossiya qurilish vaziri;
  • Vitaliy Savelev, Rossiya transport vaziri;
  • Andrey Turchak, Federatsiyalar kengashining birinchi vitse-spikeri;
  • Tigran Keosayan, jurnalist;
  • Olga Skabeyeva, jurnalist;
  • Aleksandr Ponomarenko, tadbirkor;
  • Modest Kolerov, jurnalist;
  • Roman Babayan, jurnalist;
  • Anton Krasovskiy, jurnalist;
  • Arkadiy Mamontov, jurnalist;
  • Sergey Pinchuk, Qora dengiz floti qo‘mondonining birinchi o‘rinbosari;
  • Aleksey Avdeyev, Janubiy dengiz floti qo‘mondoni o‘rinbosari;
  • Rustam Muradov, Janubiy dengiz floti qo‘mondoni o‘rinbosari;
  • Andrey Sichevoy, Janubiy harbiy okrug 8-umumqo‘shin armiya qo‘mondoni;
  • Gennadiy Timchenko, tadbirkor;
  • Aleksey Mordashov, tadbirkor;
  • Pyotr Fradkov, «Promsvyazbank» rahbari.

«Sogaz» ham sanksiyalar ostida qoldi.

27 fevral kuni Yevropa diplomatiyasi rahbari Jozep Borrel Yevrokomissiya rahbari Ursula fon der Lyayen bilan qo‘shma matbuot anjumanida Bryusselda rossiyalik oligarxlarga nisbatan qattiq sanksiyalar qo‘llash masalasi muhokama qilinishini aytdi. U Yevropa Ittifoqi rasmiylari Rossiyaning yuqori martabali amaldorlari va hokimiyatga yaqin bo‘lgan rus elitasi vakillari, shuningdek, ularning oilalari va «sheriklari»ning Yevropadagi aktivlarini aniqlash va muzlatish bo‘yicha choralar ko‘rishiga va’da berdi. Bundan tashqari, YeI bunday shaxslarga «oltin pasportlar» sotilishini cheklamoqchi.

Buyuk Britaniya tashqi ishlar vaziri Elizabet Trussning qayd etishicha, uning idorasi London «Rossiya hukumati bilan aloqador» deb hisoblaydigan rossiyalik oligarxlarning qora ro‘yxatini tayyorlamoqda.