Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i Bahodir Yusupaliyev shu yilning iyul oyiga qadar 11 mln dozadan ortiq vaksina olib kelinishini aytdi.

U bu haqda Respublika maxsus komissiyasining 23 fevraldagi yig‘ilishida ma’lum qildi, deb xabar berdi «Gazeta.uz» muxbiri.

«Mart, iyun va iyul oylarida yana 4 mln doza Pfizer, undan tashqari 7,5 mln doza Moderna vaksinasi olib kelinadi. O‘zimizda Jo‘rabek korxonasi o‘zbek-xitoy vaksinasining 10 mln dozasini ishlab chiqarib bo‘ldi, u ham zaxiradagi vaksina», — dedi Bahodir Yusupaliyev.

SES rahbari hozirda 12 yoshgacha bo‘lgan bolalarni emlashni tashkil etish uchun tegishli vaksina yo‘qligini aytib, buning uchun zarur choralar ko‘rilayotganini aytdi. «Hozir Pfizer bolalar uchun vaksinasini O‘zbekistonga olib kelish masalasini ko‘rib chiqayapmiz», — dedi u.

Uning so‘zlariga ko‘ra, mamlakatga olib kelingan va ishlab chiqarilgan 7 ta turdagi vaksinalar jami 53,7 mln dozaga yetgan, shundan 45,3 mln dozasi ishlatilgan. Hozirgi kunda zaxirada 18,3 mln doza vaksina mavjud.

Respublikada emlanganlar soni 21,5 mln nafarga yetgan:

  • Birinchi dozani olganlar — 19,6 mln fuqaro;
  • Ikkinchi dozani olganlar — 15,4 mln fuqaro;
  • Buster dozani olganlar — 10,3 mln fuqaro.

Eslatib o‘tamiz, mazkur yig‘ilishda bosh vazir Abdulla Aripov o‘zbekistonlik olimlar koronavirusga qarshi to‘rtta vaksina yaratish ustida ishlayotganini ma’lum qilgandi. «Dunyodagi hech qaysi vaksinadan nusxa olinmagan, alohida o‘zining strukturasi belgilangan vaksina turlari ishlab chiqilyapti», — dedi u.

Shuningdek, yig‘ilishda 1 martdan e’tiboran O‘zbekistonda niqob taqib yurish majburiyati talabi bekor qilindi. «Chunki mana viloyatlarda ham defakto hech kim niqob taqmay qo‘ydi», — dedi bosh vazir Abdulla Aripov. Qolaversa, jamoat transporti, bozorlar, ta’lim muassasalari, teatr, muzeylar, masjidlarda niqob taqish tavsiyaviy xarakterga ega bo‘ladi.

Bundan tashqari, O‘zbekistonda umumiy ovqatlanish joylari va ko‘ngilochar obyektlar ish vaqtiga nisbatan cheklovlar hamda umumiy ovqatlanish joylari va jamoat transporti harakatlanuvchi tarkibi umumiy sig‘imidagi o‘rinlarni 50 foizgacha qisqartirish talabi bekor qilindi. Bosh vazir Abdulla Aripov mazkur cheklovlarning bekor qilinishini «odatiy hayot tarziga qaytishning dastlabki qadamlaridan biri» deb atadi.

Koronavirusga qarshi buster doza olmagan xodimlar ishdan chetlashtirilishi xabar qilindi.