«O‘zavtosanoat» aksiyadorlik jamiyati raisi Shavkat Umurzoqov 14 fevral kuni mashinasozlikni rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilishda prezident Shavkat Mirziyoyevga Uzauto Motors avtomobillarini sotib olish uchun navbatlar paydo bo‘lishi sabablarini tushuntirdi. «O‘zbekiston 24» telekanalining «Menimcha» ko‘rsatuvida uning nutqidan bir parcha namoyish etildi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, UzAuto Motors 2021 yilda 236,6 mingta avtomobil ishlab chiqargan, bu 2020 yilga nisbatan 43,4 mingtaga (15,5 foiz) kamdir. O‘tgan yili jami 71082 ta Cobalt (-11%), 31466 ta Nexia (52,6%), 51061 ta Gentra (+2%), 55068 ta Damas (+6,5%), 9915 ta Spark (-56,9%) va 17308 ta Labo (+91,8%) ishlab chiqarilgan.

Kompaniya ishlab chiqarishning qisqarishini dunyoda yarimo‘tkazgichlar yetkazib berishdagi uzilishlar va logistika muammolari bilan izohladi. Avto ishlab chiqaruvchi 20 dekabr kuni Nexia, Spark, Cobalt va Lacetti uchun arizalarni qabul qilishni fevral oyiga qadar to‘xtatib qo‘ydi va «shu vaqtgacha buyurtma qilingan avtomobillarni ishlab chiqarishga e’tibor qaratish» niyatida ekanini aytdi. Ammo belgilangan muddatga kelib, avtoishlab chiqaruvchi shartnomani uzaytira olmadi.

Shu bilan birga, 281,8 mln dollarlik 28952 ta avtomobil xorijga eksport qilingan. Bu bir yil avvalgiga qaraganda 10,4 mln dollarga ko‘proq.

«Bugungi kunda Lacetti ishlab chiqarishni 51 ming donadan 80 ming donaga ko‘tardik. Bu ham yetmayapti. Bu yerda qiyinchilik shundan iboratki, buning mahalliylashtirish darajasi yuqori emas, Koreyadagi [ehtiyot qismlar] ishlab chiqaruvchilarining quvvati esa 30−50 ming avtomobilga moslashib qolgan. Hozir buning ham yechimini topdik — hamma lokalizatsiyani olib kelib, ishlab chiqarishni 80 mingga olib chiqyapmiz», — deya ma’lum qildi «O‘zavtosanoat» rahbari.

Uzauto Motors 2021 yilning iyul oyidayoq avtomobillar yetishmasligi sababli «avtomobillarni sotish va sotib olishning noqonuniy sxemalari» yuzaga kelganini xabar qilgan edi. Kompaniya ma’lumotlariga ko‘ra, ayrim shaxslar pul evaziga savdo tizimini chetlab o‘tib, avtomobil olish uchun navbatini berish bilan shug‘ullanib kelmoqda.

Shavkat Umurzoqov navbatda turgan joyni sotish sxemasini batafsil bayon qildi. Bugungi kunda avtosalonlar O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan avtomobilni xarid qilishda mulk huquqini tasdiqlovchi hujjat (hisobvaraq-faktura) beradilar. Diler nusxasini saqlab qoladi va xaridor avtomobilni o‘z nomiga rasmiylashtirish uchun asl nusxani YHXBBga olib borishi kerak. Aynan shu bosqichda korrupsion holat yuzaga keladi va navbat buziladi, deya tushuntirdi u.

«Oldinlari YHXBB tomonidan qog‘oz ko‘rinishida hisobvaraq-faktura — ma’lumotnoma berilardi, uning nusxasiga Uzauto Motors tomonidan shartnoma asosida sotib olgan odamning familiyasi yozib berilardi. Asliga bo‘lsa navbatsiz fuqaroga yozib berilib, YHXBBga topshirilardi. Shu bilan navbat buzilardi. Biz buni aniqladik. Shu bilan korrupsiya bo‘lar edi», — deya ta’kidladi «O‘zavtosanoat» rahbari.

Uning so‘zlariga ko‘ra, ayni paytda Uzauto Motors hisob-fakturalardan foydalanishdan voz kechish maqsadida YHXBB ma’lumotlar bazasi bilan integratsiyani joriy etmoqda.

«Endilikda shartnoma tuzilganidan keyin VIN-raqam (avtomobilning identifikatsiya raqami) avtomat ravishda bazaga tushadi. Mashina chiqqanida u yerga ma’lumotnomani olib borish shart bo‘lmaydi. Bu tizim mart oyida ishga tushiriladi. Xudo xohlasa, bu holatlarni butkul yo‘q qilamiz», — deya ma’lum qildi Shavkat Umurzoqov.

«O‘zavtosanoat» raisi 2021 yil yakunlari bo‘yicha 89 mingta Uzauto Motors avtomobillarini sotib olishga navbatlar vujudga kelgan bo‘lsa, bugungi kunda bu ko‘rsatkich 52 mingta mashinagacha pasaygan.

«Bu kam. Prezident 1 mayga qadar navbatlarni keskin qisqartirish va barcha mashinalarni xaridorlarga yetkazib berishni topshirganlar», — deya ta’kidladi u.

Avvalroq, Shavkat Mirziyoyev yig‘ilishda Vazirlar Mahkamasiga uch kun ichida avtomashinalar importi uchun bojxona to‘lovlarini 2 barobarga kamaytirish, avtomobillar narxini 5 foizga arzonlashtirish, mahalliylashtirish darajasini 48 foizdan 56 foizgacha oshirish bo‘yicha qaror loyihasini ishlab chiqish topshirig‘ini bergani haqida yozgan edik. Shuningdek, prezident 1 mayga qadar avtomobil sotib olishdagi navbatlarni to‘liq bartaraf etish, Uzauto Motors avtomobillari uchun oldindan to‘lovni 85 foizdan 50 foizga kamaytirish vazifasini ham qo‘ydi. Deputat Rasul Kusherboyev 15 foizlik oldindan to‘lovning o‘zi yetarli ekanini ta’kidladi.