Toshkent viloyatining O‘rtachirchiq tumanida ko‘chaga o‘rnatilgan qiymati 145 so‘mga teng «Kapitalbank» bankomatini o‘g‘rilagan shaxslar qo‘lga olindi. Bu haqda IIV huzuridagi Tergov departamenti xabar berdi.

Qayd etilishicha, «Kapitalbank» ATB amaliyot boshqaruvchisi O‘rtachirchiq tuman Ichki ishlar bo‘limiga ariza bilan murojaat qilgan. Unda joriy yilning 26 yanvar kuniga o‘tar kechasi noma’lum shaxs tomonidan tumanning Toshkent yo‘li ko‘chasiga o‘rnatilgan bankomat o‘g‘rilab ketilgani ma’lum qilingan.

Ushbu holat yuzasidan tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan Jinoyat kodeksining 169-moddasi 4-qismi «a» bandi (o‘g‘rilik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Tergov harakatlari natijasida mazkur jinoyat O‘rtachirchiq tumanida yashovchi 24 yoshli E.A., 22 yoshli S.N. va 23 yoshli Yu.D. tomonidan bir guruh bo‘lib sodir etilgani aniqlangan.

Tergovda qonunbuzarlardan mazkur bankomatni qayerga yashirganlari so‘ralgan. Ular bankomatni temir jism yordamida buzib ochganlari, biroq bankomat ichida pul bo‘lmaganligi sababli uni Toshkent shahar Bektemir tuman hududidan oqib o‘tuvchi Chirchiq daryosiga tashlab yuborishganini ma’lum qilgan.

Hozirda, ushbu shaxslarning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilayotgani aytildi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Farg‘ona viloyatida 7 kishi «Turonbank»ning My Turon mobil ilovasidagi xatolikdan foydalanib, qariyb 700 mln so‘mni o‘zlashtirgani haqida xabar berilgandi.