Toshkentning Yunusobod tumanida Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasi yonida (xarita) joylashgan ko‘p qavatli uylar bilan avtomobil yo‘li orasidagi daraxtlarga uchinchi marotaba suiqasd qilingani haqida yozgandik (video).

Bosh prokuraturaning xabar berishicha, mazkur holat yuzasidan Yunusobod tuman prokuraturasi tomonidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari o‘tkazilgan. Uning natijasiga ko‘ra, JKning 198-moddasi 3-qismi (Ekinzorlarni, o‘rmonlarni, daraxtlarni yoki boshqa o‘simliklarni qasddan shikastlantirish, payhon qilish, nobud qilish ko‘p miqdorda zarar yetkazilishiga sabab bo‘lsa) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ushbu holatda gumondorlarga BHMning 150 baravaridan 200 baravarigacha miqdorda jarima yoki 300 soatdan 360 soatgacha majburiy jamoat ishlari yoki 2 yildan 3 yilgacha axloq tuzatish ishlari yoxud 1 yildan 3 yilgacha ozodlikni cheklash yoki 3 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanadi. Yetkazilgan moddiy zararning o‘rni 3 karra miqdorida qoplangan taqdirda, ozodlikni cheklash va ozodlikdan mahrum qilish tariqasidagi jazo qo‘llanilmaydi.

Bundan tashqari, 2021 yil 14 dekabr kuni mazkur hududdagi daraxtlarning pastki qismlari noma’lum shaxslar tomonidan kesilib, jami 10 dona «Eldor qarag‘ayi» daraxtlariga shikast yetkazilgandi. Buning natijasida o‘simlik dunyosiga 83.160.000 so‘mlik zarar keltirilgan.

Bundan tashqari, joriy yilning 3 fevral kuni noma’lum shaxslar tomonidan mazkur yer uchastkasidagi «Eldor qarag‘ayi» daraxtlarining tagi betonlanganligi aniqlangan.

Hozirda, ushbu jinoyat ishi yuzasidan Yunusobod tuman IIO FMB tergov bo‘limi tomonidan dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Xronologiya

Eslatib o‘tamiz, 3 ferval kuni Toshkentning Yunusobod tumanida Amir Temur va Chinobod ko‘chalari chorrahasi yonida (xarita) joylashgan ko‘p qavatli uylar bilan avtomobil yo‘li orasidagi daraxtlarga uchinchi marotaba suiqasd qilingani haqida yozgandik.

Tadbirkor soat 18:13 da beton aralashtiruvchi mashina va 15 ga yaqin ishchilar bilan kelib, daraxtlar tagini betonlab tashladi. Uning bu harakatlari videokuzatuv kameralariga tushib qolgan. Aholi murojaatiga ko‘ra, «Gazeta.uz» voqea joyiga yetib borib, videoreportaj tayyorladi.

Ekologlar aralashuvi bilan daraxt tagiga to‘kilgan qorishmalar Yunusobod tuman obodonlashtirish boshqarmasi xodimlari tomonidan tozalab olindi. Voqea joyiga Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomuradov ham bordi. Ekologiya qo‘mitasi, Ekopatrul va Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida mazkur hududda 24 soat nazorat o‘rnatilishi belgilandi.

Bunga qadar, dekabr oyi o‘rtalarida 10 tupi noma’lum shaxslar tomonidan yarmigacha arralab ketilgan edi. Ekologlar botanika bog‘i mutaxassislarini jalb qilgan holda zararlangan daraxtlarni saqlab qolish uchun ularning tanasidagi jarohatlarni davolab, yopishdi va ularni raqamlashdi.

Qolaversa, jamoatchilik vakillarining qarshiligiga qaramasdan 10 yanvarga o‘tar kechasi niqobdagi noma’lum shaxslar 4 tup eldor qarag‘ayini kesib tashlashdi. Agar odamlar arra ovozini eshitib, chiqib qolmaganida ko‘proq daraxtlar nobud bo‘lishi mumkin edi.

4 fevral kuni Davlat ekologiya qo‘mitasi raisi Narzullo Oblomuradov payshanba kuni Toshkentning Yunusobod tumanidagi daraxtlar tagi bilan betonlab tashlangan holatni o‘rgandi. Natijada Ekologiya qo‘mitasi, Ekopatrul va Milliy gvardiya xodimlari hamkorligida mazkur hududda 24 soat nazorat o‘rnatilishi belgilandi.

Mazkur masalada adliya vaziri ham fikr bildirib, moratoriyga barcha amal qilishi shartligini aytgandi. «Yunusoboddagi daraxtlar kesilmaydi, tamom… Siz uni qaysi maqsadda olgan bo‘lsangiz ham tegina olmaysiz. Tegsangiz siz jinoyat qilgan bo‘lasiz», — dedi Ruslanbek Davletov. Bunga Davlat ekologiya qo‘mitasi mas’ulligi, qolaversa, prokuratura organlari ham nazorat o‘rnatishi lozimligi qo‘shimcha qilindi.

Daraxtlarni kesishga urinishlar ularni kesishga doir moratoriy etilgan davrda sodir etilmoqda. Prezidentning 30 dekabrdagi farmoni bilan moratoriy muddatsiz davrga uzaytirildi.

Toshkent shahar hokimligi hozirga qadar ushbu bahsli yer uchastkasi yuzasidan izoh bermadi.