11 fevral kuni Shveysariya va O‘zbekiston o‘rtasida Gulnora Karimova va uning sheriklari tomonidan jinoiy faoliyatdan orttirilgan va qonunga xilof ravishda mamlakatdan tashqariga olib ketilgan mol-mulklarni qaytarish bo‘yicha BMTning ko‘ptomonlama trast jamg‘armasini (Jamg‘arma) tashkil etish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Adliya vazirligining xabar berishicha, jamg‘arma Shveysariyada davom etayotgan jinoiy ish doirasida kelajakda musodara qilinadigan har qanday qo‘shimcha aktivlarni qaytarish uchun xam xizmat qiladi.

«Hozirgi kunda taxminan 131 mln AQSh dollari qiymatidagi aktivlar O‘zbekistonga qaytarilishga tayyor», — deyiladi xabarda. Vazirlikning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston vakolatli davlat organlarining Gulnora Karimova tomonidan jinoiy yo‘llar bilan egallangan mol-mulklarini mamlakatga qaytarish bo‘yicha amalga oshirayotgan ishlari natijasida yaqinda Fransiyadan 10 million AQSh dollari O‘zbekistonga qaytarildi.

Jamg‘arma boshqaruv mexanizmi Shveysariya, O‘zbekiston va BMT vakillaridan tashkil topadi. Shu orqali Shveysariya va O‘zbekiston aktivlarni qaytarish jarayoniga to‘liq jalb etiladi. Jamg‘arma O‘zbekistonda Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishishga ko‘maklashadi va BMTning Barqaror rivojlanish sohasidagi hamkorlik bo‘yicha O‘zbekistondagi dasturi (UNSDCF)ga mos loyihalar uchun moliyaviy resurslar ajratadi.

Ushbu loyihalar jamg‘arma faoliyatida ishtirok etuvchi BMT tizimidagi tashkilotlar tomonidan boshqa ijrochi sheriklar bilan hamkorlikda amalga oshiriladi. Barcha loyihalar BMTning qoida va nizomlari asosida tuzilgan jamg‘armaning monitoring va baholash tizimiga muvofiq nazorat qilib boriladi. Fuqarolik jamiyati institutlari Jamg‘arma faoliyatida maslahatchilar sifatida ishtirok etadi.

Jamg‘arma o‘z faoliyatini Shveysariya va O‘zbekiston o‘rtasida tomonlarga yuridik majburiyat yuklovchi Restitutsiya to‘g‘risidagi kelishuv imzolanganidan so‘ng boshlaydi. Ushbu kelishuv imzolanganidan keyin Jamg‘arma va uning faoliyati haqida qo‘shimcha batafsil axborot beriladi.

Bundan tashqari, Moskva shahar sudi tomonidan O‘zbekiston sudlarining Gulnora Karimova va uning sheriklariga nisbatan chiqargan hukmlari tan olindi va hozirda Rossiya tomoni bilan O‘zbekiston Respublikasiga qaytarish uchun musodara qilingan mol-mulklarni sotishni tashkillashtirish bo‘yicha zarur ishlar amalga oshirilmoqda.

Qaytarilgan mablag‘lar O‘zbekiston aholisi farovonligini yaxshilash uchun ijtimoiy sohaga sarflanadi, deyiladi xabarda.

Eslatib o‘tamiz, 2019 yil 18 martda Toshkent shahar sudi hukmi bilan Gulnora Karimovaga 13 yil 4 oy muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi. Jazo muddatini 2015 yil 21 avgustdan boshlab hisoblash belgilangan edi.

2019 yil mart oyida AQSh Gulnora Karimova va «O‘zdunrobita»ning sobiq bosh direktori Behzod Ahmedovni korrupsiya va 865 mln dollardan ko‘proq pulni «yuvgan"likda ayblagan edi. 24 iyunda esa Shveysariya Bosh prokuraturasi Karimova ishi bo‘yicha muzlatilgan 130 mln shveysar kronasi [$133,7 mln] miqdoridagi mablag‘ni O‘zbekistonga qaytarishini ma’lum qilgan edi.

2020 yilning may oyiga kelib, Karimovaning 10 mln dollarlik aktivi Fransiyadan qaytarilgan. sentabrga kelib, Shveysariya hukumati musodara qilingan pul mablag‘larini O‘zbekistonga qaytarish shartlari bo‘yicha mamlakat hukumatlari kelishuvga erishganini ma’lum qildi. O‘shanda Karimovaning Shveysariyadagi hisoblaridan olingan 131 mln dollarlik mablag‘ O‘zbekistonga qaytarilishi aytilgandi.

Avvalroq, «Gazeta.uz» ijtimoiy tarmoqlarda Karimovaning sog‘ligi og‘irlashganiga oid tarqalgan xabarlarga oydinlik kiritish maqsadida IIV Jazoni ijro etish bosh boshqarmasi bilan bog‘langan edi. «Uning ahvoli yaxshi, COVID-19`ga chalinmagan, o‘pka pnevmoniyasi ham yo‘q», — deyilgandi xabarda.