Toshkent shahrining Mirobod tumanida Malibu haydovchisi piyodani urib yubordi. Bu haqda poytaxt IIBB matbuot xizmati xabar berdi.

Voqea 12 fevral kuni taxminan soat 23:00 da Mirobod tumani Yangi Qo‘yliq ko‘chasida yuz bergan.

Malibu avtomobili haydovchisi I. A. piyodani urib yuborgan. Buning oqibatida 45 yoshli piyoda voqea joyida hayotdan ko‘z yumgan.

Holat bo‘yicha poytaxt IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish holati odam o‘limiga sabab bo‘lishi) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Tergov ishlari olib borilmoqda.

Avvalroq, prezident Shavkat Mirziyoyev yo‘llarda harakat xavfsizligini ta’minlash masalasida o‘tkazgan yig‘ilishda 2021 yilda O‘zbekistonda 10 mingdan ortiq yo‘l transport hodisasi sodir bo‘lganini ma’lum qilgandi. Avariyalarda 9 mingdan ortiq fuqaro jarohat olgan, 2,5 mingga yaqin inson halok bo‘lgan, shundan 263 nafari bolalardir.

Shuningdek, prezident Toshkentda harakatlanish tezligini 60 km/soatgacha pasaytirish qaror qabul qilinishini ma’lum qilgandi. Qolaversa, maktab va bog‘chalar oldida tezlik 30 km/soatdan oshmasligi shartligi aytilgandi.