Shahrixon tumanidagi xususiy diagnostika va davolash maskanida gaz-havo aralashmasining chaqnashi sodir bo‘lganligi holati yuzasidan Jinoyat kodeksining 257-moddasi (Mehnatni muhofaza qilish qoidalarini buzish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura matbuot kotibi Hayot Shamsutdinov xabar berdi.

Aniqlik kiritilishicha, shu paytgacha hodisa oqibatida jarohatlanganlar soni 11 kishini tashkil etmoqda, bir kishi esa vafot etgan.

Avvalroq, FVV 11 fevral kuni soat 11:30 da Andijon viloyati Shahrixon tumanidagi «Qorako‘rpa» mahallasida tibbiy klinikada gaz-havo aralashmasi chaqnashi ro‘y bergani haqida xabar bergandik. Voqea joyiga viloyat FVBning yong‘in-qutqaruv guruhi zudlik bilan yetib borib, qidiruv-qutqaruv ishlarini olib borgan. Shuningdek, hodisa joyiga FVV rahbariyati, IIB, SSB, Prokuratura va boshqa tegishli xizmat xodimlari yetib borgan.

Daryo`ning yozishicha, portlash joyiga Andijon viloyati hokimi Shuhratbek Abdurahmonov ham yetib kelgan.

Shifoxonaga yaqin oshxonada faoliyat yurituvchi voqea guvohlaridan birining aytishicha, portlash sodir bo‘lgan paytda ular plita bosib qolgan qizga yordam bergan. Nashr plita ostidan olib chiqilgan va so‘ngra vafot etgan qiz portlash oqibatida hayotdan ko‘z yumgan ikkinchi qurbon bo‘lishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

«Bir kishi qo‘limizda jon berdi. Undan tashqari ichkarida ham bemorlar ko‘p edi. Ahvol juda yomon edi. Tez yordamga ham o‘zimiz qo‘ng‘iroq qilib, chaqirdik», — deya hikoya qilgan voqea guvohlaridan biri.

Xabar berilishicha, portlash kasalxonaning birinchi qavatida yuz bergan, buning oqibatida ikkinchi qavat ham qulab tushgan.