Taniqli arxeolog, akademik, tarix fanlari doktori, professor Edvard Vasilevich Rtveladze 80 yoshida olamdan o‘tdi. Bu haqda O‘zbekiston madaniy merosini o‘rganish, saqlash va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati xabar bermoqda.

Edvard Rtveladze Markaziy Osiyo mintaqasi tarixi va madaniyatining ulkan qatlamlarini, Buyuk Ipak yo‘lining eski va yangi marshrutlarini o‘rganib chiqqan. O‘zbekistonda va xorijda chop etilgan 800 dan ortiq ilmiy maqolalar muallifi.

U 1942 yilda Gruziyaning Borjomi shahrida tavallud topgan. 1967 yilda tarixchi-arxeolog mutaxassisligi bo‘yicha Toshkent davlat universitetini tamomlagan. Keyinchalik Moskvada doktorlik dissertatsiyasini himoya qilgan.

Ilmiy faoliyati uchun 1985 yilda «Beruniy» nomidagi Davlat mukofoti, 2001 yilda «Buyuk xizmatlari uchun» ordeni, 2003 yilda «Mehnat shuhrati» va 2017 yilda «El-yurt hurmati» ordeni, bilan taqdirlangan.

Edvard Rtveladzening ishlari Fransiya, Yaponiya, Angliya, AQSh kabi xorijiy mamlakatlarda chop etiladi. U Vashington, London, Parij, Turin, Nikosiya, Osaka, Kioto, Tokio, Stokgolm, Moskva, Syurix va boshqa shaharlardagi universitetlar va ilmiy muassasalarda ma’ruzalar qilgan.

Edvard Rtveladze tomonidan so‘nggi yillarda qilingan eng taniqli arxeologik topilmalardan biri — Oks Aleksandriyasi port shahri bo‘lib, u Surxondaryo hududida miloddan avalgi IV asrdan milodiy I asrgacha mavjud bo‘lgan.

Kampirtepa shaharchasi 1972 yilda Evard Rtveladze tomonidan Amudaryo vodiysi arxeologik obidalarini o‘rganish jarayonida ochilgan.

Yozma manbalar va xaritalardagi ma’lumotlar, arxeologik materiallarni o‘rganish davomida 2019 yilda akademik Kampirtepa — Makedoniyalik Aleksandrning yo‘qotilgan Oks Aleksandriyasi shahri ekanligi haqida xulosaga kelgan.

«Bu bizning taniqli akademigimiz Edvard Rtveladze rahbarligi ostida qilingan ulkan ish. Bu 40 yillik mehnat. Kampirtepa Oks Aleksandryasi deb tan olinishi — Edvard Rtveladzening hayoti va mehnati natijasi. Ha, ma’lum bir bahslar mavjud. Lekin bugun Termizga xalqaro arxeologik-turistik forumga 40 dan ortiq mamlakatlardan kelgan olimlar plenar yig‘ilish davomida bizning olimlarimizning fikrini ishonch bilan qo‘llab-quvvatlashdi», — degan edi 2019 yilda O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Aziz Abduhakimov «Gazeta.uz»ga.