Rasmiy vizalar va sayohat qilish huquqini beruvchi muhrga ega qalbaki pasport yasashga ixtisoslashgan onlayn sanoat ISHIDga aloqador shaxslarga Suriyani tark etib, Buyuk Britaniya, Yevropa Ittifoqi, Kanada va AQSh kabi mamlakatlarga kirish imkoniyatini taklif qilmoqda. Bu haqda o‘z surishtiruvlariga tayanib The Guardian nashri xabar qildi.

Xabarda aytilishicha, ana shunday tarmoqlardan biriga Turkiyada yashovchi, ekstremistik guruhlarga aloqador «o‘zbek tadbirkori» rahbarlik qiladi. Tarmoq hozirgi kunda turli mamlakatlar fuqaroligini aks ettiruvchi, yuqori sifatli qalbaki pasportlarni 15 ming dollargacha bo‘lgan narxda pullamoqda. Hozircha The Guardian`ga ma’lum bo‘lgan kamida 10 ta holatda, Suriya chegarasidan Turkiyaga noqonuniy kirib kelgan shaxslarning mazkur tarmoq tomonidan yasalgan qalbaki pasportlar yordamida Istanbul aeroportidan jo‘nab ketganligi aytilmoqda.

Sotuvchilarning ta’kidlashicha, eng ommalashgan yo‘nalish — Yevropa Ittifoqi mamlakatlari, shuningdek, Nigeriya, Mavritaniya, Ukraina va Afg‘oniston. Bundan tashqari, kamida ikki holatda mijozlar soxta rus pasportlari yordamida Istanbuldan Meksikaga yetib olishgan, u yerdan esa noqonuniy ravishda AQSh chegarasini kesib o‘tishga muvaffaq bo‘lishgani qayd etilgan.

Nashrga ko‘ra, Turkiyada yashovchi etnik o‘zbek rahbarligidagi tarmoq yaqinda Telegram ijtimoiy tarmog‘ida Istanbul Global Consulting nomi ostida yangi kanal ochgan.

The Guardian mazkur «tadbirkor» bilan bog‘lanib, o‘zini qiziquvchan mijoz sifatida tanishtirib, suhbatlashishga muvaffaq bo‘lgan.

«Kimning qaysi guruhga mansub ekanligi haqida so‘rab o‘tirmayman. Men har qanday mijoz bilan ishlashga tayyorman. Kim yomon va kim yaxshiligini bilish mening ishim emas. Bu bilan xavfsizlik xizmatlari shug‘ullanishi kerak», — deya ta’kidlagan u nashr bilan suhbatda.

Hozirgi kunda Yevropa ittifoqi soxtalashtirilgan pasportlarni yaxshiroq aniqlash maqsadida chegara nazorati punktlarini zarur texnologiyalar bilan ta’minlash va xodimlarni o‘qitishga sarmoya kiritib kelayotganligiga qaramay, qalbaki pasport sotuvchilari bo‘lajak mijozlar uchun kengroq tanlov imkoniyati — ko‘proq turli fuqarolik taklif qilgan holda o‘z bizneslarini takomillashtirdilar.

Xabarda qayd etilishicha, o‘zbekistonlik «tadbirkor» o‘z mahsulotlarining, jumladan, asl xavfsizlik suv belgilari va gologrammalariga ega bo‘lgan yangi fransuz, Belgiya, Bolgariya va Rossiya pasportlarining bir nechta videolarini yuborgan.

Qalbaki pasport yasovchilarning so‘zlariga ko‘ra, hujjatdagi biometrik chipni qalbakilashtirishning imkoni yo‘q, biroq ko‘plab chegara o‘tish punktlarida pasportni ko‘zdan kechirayotgan xodimlar chipning ishlamayotganligiga e’tibor berishmaydi.

Qayd etilishicha, Suriyaning shimoliy-sharqida joylashgan, ISHIDga aloqador bo‘lgan 60 mingga yaqin ayol va bolalar istiqomat qiladigan al-Havl lageridagi odamlar uchun tashkil qilingan Telegram`dagi chatda, o‘zbekistonlikning onlayn marketologlaridan biri «Agar sizga Rossiya, Markaziy Osiyo, Turkiya, Yevropadan qalbaki hujjatlar kerak bo‘lsa, men bilan bog‘laning», degan mazmunda xabar qoldirgan.

«Afg‘onistonning Tolibon qo‘liga o‘tishi Turkiyadagi afg‘on qochqinlarining yangi mijozlar bazasini ham yaratdi, deya ta’kidladi o‘zbek tadbirkori. Uning xizmatlari ko‘chirilgan afg‘onlar uchun juda qimmatlik qilsa-da, mijozlari qalbaki pasportlardan g‘arbiy mamlakatlarga parvoz qilish uchun foydalanishadi», — deyiladi xabarda.

Ma’lum qilinishicha, o‘zbekistonlik ushbu ishbilarmon 500 dollar evaziga Turkiyaning o‘lim guvohnomasini ham taklif qilishi mumkin. Mazkur o‘lim guvohnomasi shaxsning butunlay g‘oyib bo‘lganligiga ishontirish maqsadida o‘z mamlakati konsulligiga yuboriladi. «Bordiyu siz Abu Bakr Bag‘dodiy (ISHID rahbari, 2019 yilda o‘ldirilgan) bo‘lmasangiz, hech kim o‘likxonaga borib, haqiqatan ham o‘lganingizni tekshirib ko‘rmaydi. Ular faqat hujjatni qabul qilib, tizimga kiritishadi», — deya ta’kidlagan u nashr bilan suhbatda.

Qayd etilishicha, mavjud pasport variantlari mijozlarning etnik kelib chiqishi, tili, qayerga borishni xohlashi va narxiga ko‘ra har xil. Yevropaga chiqish uchun eng arzon variantlar — bu Rossiya, Qirg‘iziston va Qozog‘iston pasportlari hisoblanadi. Ularning narxi taxminan 5000 dollar yoki Shengen vizasi paketining bir qismi sifatida 6000 dollarga baholanishi aytilgan. Boshqa ommabop va biroz qimmatroq variantlar — Ukraina va Moldova hujjatlari bo‘lib, ular bilan Yevropa Ittifoqiga kirish uchun viza talab etilmaydi.

Eng qimmat variant — bu Yevropa ittifoqi mamlakatlari pasporti bo‘lib, 8000 dollarga baholanadi.

«Odatda, Yevropa ittifoqi fuqarosi Turkiyaga o‘z pasporti bilan keladi, uni o‘zbekistonlik tadbirkor va uning hamkasblariga taxminan 2500 yevroga sotadi, so‘ng pasport fotosurati mijozning suratiga o‘zgartiriladi. Shundan so‘ng pasportning asl egasi uning yo‘qolganligi haqida xabar qiladi va o‘zining Istanbuldagi konsulligiga yangisini olish uchun ariza beradi».

Pasportlar o‘z mamlakatlarida chop etiladi va mijoz kutayotgan mamlakatga olib boriladi, u yerda ular chegaraga kirishning rasmiy muhrlarini oladi, bu esa hujjatning qonuniyligini mustahkamlashga yordam beradi.

Rus sotuvchilardan biri, shuningdek, soxta pasportga to‘lanadigan pul aslida undagi muhrlar uchun to‘lanishini, pasportning o‘zi esa hech qanday ahamiyatga ega emasligini ta’kidlagan — mijozlardan olinadigan pullarning asosiy qismi ana shu muhrlar evaziga beriladigan poraga sarf qilinadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirgi kunda qalbaki pasportlar shu darajada sifatli yasaladiki, yetarli mablag‘ingiz bo‘lsa, ular bilan istagan joyingizga sayohat qilishingiz mumkin.