Firdavs Abduholiqov O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy Assotsiatsiyasi (O‘zEOAVMA) boshqaruv raisi lavozimidan ketdi. Uning o‘rniga Xalqaro press-klub raisi Sherzodxon Qudratxo‘ja O‘zEOAVMA rahbari bo‘ldi. Bu haqda press-klub matbuot xizmati xabar bermoqda.

Avvalroq, Sevimli telekanalidagi «Sabriya» teleseriali tanqididan so‘ng telekanal bosh direktori va bosh muharriri lavozimini tark etgandi, telekanal kuzatuv kengashiga esa vaqtinchalik Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov rahbarlik qiladigan bo‘ldi. Bu AOKA «Sabriya» teleserialiga ekspertiza tayinlanishi ortidan sodir bo‘ldi.

«Gazeta.uz» bu holat telekanal davlat buyurtmasi asosida filmlar suratga olishida manfaatlar to‘qnashuviga olib kelishi mumkinligi haqida yozgandi. Sababi Sevimli telekanali ta’sischilari Firdavs Abduholiqovning qizi va o‘g‘li (Amira Rashidova — 20%, Abdullajon Abduxoliqov — 10%) hisoblanadi.

Keyinchalik Kinematografiya agentligi matbuot xizmati Sevimli telekanalida namoyish etilgan «Sabriya» va «Daydi qizning daftari» seriallari agentlik buyurtmasi asosida suratga olinmaganini ma’lum qildi. Telekanal agentlik bilan hamkorlikda «Orzular palatasi», «Ona zamin» va «Tuzok» seriallarini suratga olgan.

Korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi Kinematografiya agentligi rahbari Firdavs Abduxoliqov va Sevimli telekanali rahbariyati afillanganligi yuzasidan tekshiruv o‘tkazishi aytildi.

Uning natijalariga ko‘ra, Firdavs Abduxoliqov va uning turmush o‘rtog‘i, qizi hamda o‘g‘li ta’sischilari bo‘lgan Sevimli TV o‘rtasida shartnomalar tuzish va subsidiyalar ajratishda manfaatlar to‘qnashuviga yo‘l qo‘yilgani aniqlandi. Shundan so‘ng hujjatlar qonuniy chora ko‘ri uchun Bosh prokuraturaga yuborilgandi.