O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 30 yanvar kuni yoshlar, sport, sog‘liqni saqlash, elektr energiyasi sohalaridagi loyihalar taqdimoti bilan tanishar ekan, har bir mahallada aholining kundalik talab-ehtiyojlariga javob beradigan shart-sharoitlar yaratilishi kerakligini qayd etdi.

Shavkat Mirziyoyevga mahallalarda sport maskanlari va kutubxonalar barpo etish bo‘yicha 3 xil tipdagi loyiha taklifi taqdim etilgan, biroq prezident bu loyihalarni ma’qullamay, qayta ko‘rib chiqish bo‘yicha o‘z tavsiyalarini bergan.

«Tasavvur qilinglar: qishloqlarda oddiy odamlarga nima kerak, yoshlarga nima kerak? Bolalar kechqurun nima o‘ynaydi? Yoshi kattalar qayoqqa borib, suhbatlashadi? Shularni o‘ylab, xalqimiz xohishini inobatga olib, loyiha qilish kerak. Masalan, mahallada maktab, stadion bor. Shuning yonida sun’iy qoplamali mini-futbol maydoni, basketbol, stol tennisi, shaxmat-shashka uchun joylar tashkil etish mumkin. Bunga kerak hamma narsa o‘zimizda ishlab chiqarilayapti», — deya iqtibos keltiradi Mirziyoyev so‘zlaridan davlat rahbari matbuot-xizmati.

Shavkat Mirziyoyev, shuningdek, har bir mahallada hammomlarni tashkil etish taklifini ilgari surgan.

«Har bir mahallada hammom bo‘lishini xohlayman. Hammom yo‘q. Hammom yonida savdo do‘koni bo‘lishi mumkin, lag‘monxona, somsaxona, kichik, o‘sha mahallabop. Sport bilan shug‘ullanishga kelayotgan bolalarga ota-onalari ozroq pul bersin, „somsa, pirojki yeb olasan“, deb. Sport bilan shug‘ullanib chiqqan bola hammomda cho‘milsa, „hovuridan tushadi“, deyishadi-ku… Hammomni haftada ikki kun ayollar, ikki kun — erkaklar, ikki kun — yoshlar uchun tashkil etish mumkin», — dedi prezident («O‘zbekiston 24» telekanali orqali namoyish etilgan syujetga ko‘ra).

«Xonalarning bittasida — kutubxona bo‘ladi, Wi-Fi ulaymiz — elektronga aylanadi. Qishloq, mahalla yetakchisi shu yerda o‘tiradi. Futbol o‘ynashadi, hammomga borishadi, palov yeydi, muloqot qiladi. Mahallada hayot qaynashi kerak, hayot. Agar shularni amalga oshira olsak, yoshlar ertalablari ham, kechalari ham kutubxonada to‘planishni boshlaydi», — dedi prezident.

Davlat rahbarining so‘zlariga ko‘ra, maqsad — sportni ommalashtirish.

«Agar 9309 mahallalarda bolalar sport bilan shug‘ullanishni boshlasalar, biz aholining 35 foizi orasida sportni ommalashtirgan bo‘lamiz, shunda raqam 33% emas, balki 63% bo‘ladi», — dedi Shavkat Mirziyoyev.

2018 yil yanvar oyida hukumat tomonidan chiqarilgan qarorga muvofiq, 2025 yilgacha Toshkentning har bir tumanida 10 tadan basseyn qurish va mavjudlarini rekonstruksiya qilish rejalashtirilgan edi.