Toshkentda ishchi gaz bosimi darajasining to‘liq tiklanishi soat 17:00 dan so‘ng kutilmoqda, deb xabar berdi Energetika vazirligi.

Xabarda ta’kidlanishicha, ijtimoiy tarmoqlarda «poytaxtda gaz ta’minoti to‘xtatiladi» mazmunida asossiz ma’lumotlar tarqalmoqda.

Vazirlik Toshkent shahri gaz bilan ta’minlangani, biroq bugun, 26 yanvar kuni soat 14:00 dan 17:00 ga qadar gaz bosimining biroz pasayishi kuzatilishi mumkinligini ma’lum qildi.

«Shu bilan birga, gaz bosimining pasayishiga yo‘l qo‘ymaslik uchun barcha choralar tezkorlik bilan amalga oshirilmoqda», — deyiladi xabarda.