Prezidentning 24 yanvardagi qarori bilan 1 yanvardan 2024 yil 1 yanvargacha parrandachilik xo‘jaliklariga o‘z xo‘jaliklarida yetishtirilib, sotilgan parranda go‘shtining har bir kilogrami uchun subsidiya miqdori 2500 so‘m etib belgilandi (ilgari 1000 so‘m edi). Bu haqda Huquqiy axborot Telegram kanali xabar berdi.

Subsidiya QQSdan vaqtinchalik ozod qilish bo‘yicha imtiyoz amalda bo‘lgan davr uchun ham to‘lanadi.

Ma’lumot uchun, prezidentning o‘tgan yil 14 iyundagi qaroriga binoan, 2022 yil 1 iyulga qadar tuxum, parranda go‘shti va mahsulotlarini eksport qiluvchi hamda soya donini import qiluvchi tadbirkorlik subyektlariga avtomobil, temir yo‘l va havo transportida tashish xarajatlarini 50 foizigacha miqdorda kompensatsiya qilishga subsidiyalar taqdim etilgan edi.

Bundan avval, 2021 yilning sentabr-dekabr oylarida tuxum narxi 19,6 foizga, ayrim hududlarda 20−22 foizgacha o‘sgani sababli Iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vazirligi tuxum eksportiga nisbatan vaqtinchalik cheklov joriy qilgani to‘g‘risida yozgan edik.