Qozog‘istonda terrorizmda gumon qilinib ushlangan Qirg‘iziston fuqarosi va musiqachi Vikram Ruzaxunov ozod etildi. Bu haqda «Vecherniy Bishkek» nashri o‘z manbasiga tayanib xabar berdi. Ma’lum qilinishicha, hozirgi vaqtda Ruzaxunovni Bishkekga olib ketishmoqda.

Ma’lumot uchun, ushbu musiqachi yakshanba kuni Qozog‘istonning Qazaqstan va «Xabar 24» telekanallarida 90 ming tenge uchun (taxminan 200 dollar) Olmaotadagi mitinglarda qatnashish uchun Qirg‘izistondan uchib kelganini, ammo mitingni ko‘rgach qo‘rqib ketib, uyga qaytmoqchi bo‘lganida harbiylar tomonidan ushlanganini aytgandi.

Qirg‘iziston ommaviy axborot vositalari darhol bu odamning qirg‘izistonlik pianinochi va jazz musiqachisi, Olmaotada tez-tez konsert berib turadigan Vikram Ruzaxunov ekanligini aniqlashtirdi. Ruzaxunovning qarindoshlari va hamkasblari videoda aynan u ekanligini tasdiqlashgan. Ular Qozog‘istonning Bishkekdagi elchixonasi oldidagi mitingga borishdi.

Namoyishchilarga Qirg‘iziston Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi rahbari Qamchibek Tashiyev ham qo‘shildi va u videoda qirg‘iz musiqachisi aks etgani hamda uning terrorchi emasligini aytdi. U Qirg‘iziston rasmiylaridan Qozog‘istondagi qirg‘izlarni pogromchilar sifatida ko‘rsatishga urinayotganidan noroziligini bildirdi.

«Vikram Ruzaxunov hech qanday tartibsizliklarda qatnashmagan. Qozog‘iston davlat telekanali ma’lumoti noto‘g‘ri. Qo‘shnilarimiz tergov ritorikasini o‘zgartirishlari kerak. Bizning fuqarolarimizni terrorizmda ayblash — noto‘g‘ri», — degan edi Tashiyev.

Qirg‘iziston TIV rahbari Ruslan Kazakbayev esa diplomatik missiyaning advokatlari va konsullariga hibsga olingan qirg‘izistonliklarni ko‘rishga ruxsat berilmaganini ma’lum qilgan edi.

Qirg‘iziston prezidenti Sadir Japarov o‘z bayonotida ikki davlat vazirliklari o‘rtasida zarur ishlar olib borilayotganini ta’kidladi.

«Qozog‘istonda mehnat qilayotgan fuqarolarimiz ko‘p. Ehtimol, ular orasida aksiyalarda ishtirok eta oladiganlar ham bo‘lgan. Lekin biz qattiq kurashamiz va harakatlarda ishtirok etmagan va nohaq javobgarlikka tortilayotgan barcha fuqarolarimizni himoya qilamiz. Ikki davlat maxsus xizmatlari ishlarining natijalarini kutamiz», — deb yozdi u ijtimoiy tarmoqlarda.