O‘zbekistonda koronavirusning omikron shtammi aniqlanishi va ayrim karantin cheklovlari belgilanishi ortidan ijtimoiy tarmoqlarda niqob taqmayotgan fuqarolar BHMning 5 baravari miqdorida jarimaga tortilayotgani haqida gap so‘zlar tarqaldi.

AOKAda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida Koronavirusga qarshi kurashish shtabi a’zosi, Tibbiyot xodimlarining kasbiy malakasini rivojlantirish markazi direktori Habibulla Oqilov ushbu masalaga izoh berdi.

«Kuni kecha bosh vazir (Abdulla Aripov) boshchiligida maxsus komissiyaning yig‘ilishi bo‘ldi. Militsiya, Milliy gvardiya xodimlariga ko‘chada yurganda muomalani to‘g‘ri qilib, o‘sha niqobsiz bo‘lgan fuqaroga birinchidan tushintirish, faqatgina ogohlantirish (topshirig‘i berildi). Keyin Militsiyaga ham, Gvardiyaga ham bugundan tarqatila boshlagan niqoblar — o‘sha yo‘lda to‘xtatgan xodim o‘zi niqobni „iltimos shuni taqib oling“ deb beradi. Hech qanday jarima to‘g‘risida gap yo‘q», — dedi Habibulla Oqilov.

Avvalroq, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik xizmati boshlig‘ining birinchi o‘rinbosari Xolmamat Norboyev ilk «omikron» aniqlangan bemor bilan birga samolyotda 130 nafar o‘zbekistonlik, 70 nafar chet el fuqarosi bo‘lganini va ularning barchasi karantinga olinganini ma’lum qilgandi. U shuningdek, O‘zbekistonda omikron 7 yanvar kuni aniqlansa-da, 8 yanvar kungi xabarda omikron aniqlanmagani aytilganiga izoh bergandi.

Bundan tashqari, Xolmamat Norboyev karantin cheklovlarini joriy etish ko‘zda tutilayotgani yo‘qligini ta’kidlagandi. «Hammamiz emlansak, cheklovlar qaytmaydi», — dedi u. Qolaversa, omikron — yo‘tal, aksirish, kuchli holsizlanish, isitma kabi klinik ko‘rinishga egaligi, yoshlarda yengil, xronik kasalliklar bor shaxslarda esa juda og‘ir kechishi aytildi.