Qozog‘istonda 2 yanvar kuni suyultirilgan gaz narxining keskin oshirilganligi sabab boshlangan norozilik namoyishlari bir necha kun ichida ommaviy tartibsizliklarga aylanib, mamlakatning boshqa hududlariga ham yoyildi. Prezident Qasim-Jomart Toqayev amaldagi hukumatni iste’foga chiqardi va mamlakatda favqulodda holat joriy etildi. Davlat rahbari yordam so‘rab Kollektiv Xavfsizlik Shartnomasi Tashkilotiga (KXSHT) murojaat qildi va aksilterror operatsiyasi boshlanganini e’lon qildi.

Qozog‘iston O‘zbekistonning asosiy savdo hamkorlaridan biri hisoblanadi va bu mamlakatdagi inqiroz O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sir qilishi mumkin. «Gazeta.uz» Qozog‘iston iqtisodiyoti va ikki davlat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy munosabatlar qanday tuzilganini o‘rganib chiqdi.


Qozog‘iston prezidentining qarorgohi (Oqo‘rda) kuchaytirilgan tartibda qo‘riqlanmoqda. Foto: Turar Kazangapov / Tengrinews.kz.

Qozog‘iston iqtisodiyoti

Hududiy jihatdan Qozog‘istonni G‘arbiy Yevropa bilan tenglashtirish mumkin, shunga qaramasdan Qozog‘iston dunyoda aholi zichligi eng past bo‘lgan mamlakatlardan biridir. Jahon bankiga ko‘ra, Qozog‘iston Kaspiy dengizi orqali avtomobil, temir yo‘l va dengiz aloqalarini ta’minlagan holda, strategik jihatdan Xitoy va Janubiy Osiyoning yirik va tez rivojlanayotgan bozorlari bilan Rossiya va G‘arbiy Yevropa bozorlarini bog‘lovchi ko‘prik hisoblanadi.

Qozog‘iston 1991 yilda mustaqillikka erishganidan beri o‘tgan davrda muhim iqtisodiy ko‘rsatkichlarga erishdi, deya qayd etadi Jahon banki. Tarkibiy islohotlar, ko‘p sonli uglevodorod resurslaridan foydalanish, kuchli ichki talab va to‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar hisobiga erishilgan jadal o‘sish mamlakatda kambag‘allikni qisqartirishga va daromadi o‘rtadan yuqori mamlakatlar qatoriga kirishga yordam berdi (O‘zbekiston 2030 yilgacha shunday mamlakatlar qatoriga kirishni rejalashtirmoqda).

«So‘nggi o‘n yillikda Qozog‘iston iqtisodiy siyosatda muhim qadamlar qo‘ydi va aniq qonun-qoidalar bilan boshqariluvchi soliq-budjet tizimini joriy etish orqali xomashyo sektoridan keladigan yirik daromadlarni taqsimlashga mas’uliyat bilan yondashdi», — deya qayd etadi Jahon banki. Biroq, 2019 yilda uglevodorod ishlab chiqarish YAIMning 21 foizini (2020 yilda — 17,2 foiz) va eksportning qariyb 70 foizini tashkil qilar ekan, neft zaxirasi bo‘yicha dunyoda 9-o‘rinni egallab turgan mamlakat uchun ishlab chiqarishni diversifikatsiya qilish muammoligicha qolmoqda.

Koronavirus pandemiyasi va eksport hajmining keskin kamayishi Qozog‘iston iqtisodiyotiga jiddiy putur yetkazdi. 2020 yilda YAIM hajmi yigirma yil ichida birinchi marta qisqarib, 2,6 foizga pasayish kuzatildi, 2021 yilda 3,6−3,9 foizga o‘sishi, 2022 yilda esa 4−4,3 foizgacha tezlashishi kutilayotgan edi.

Pandemiya sabab joriy qilingan harakatlanish cheklovlari iste’mol talabi va investitsiyalar hajmining qisqarishiga olib keldi. Inflyatsiya o‘sishi (2021 yil noyabr holatiga yillik inflyatsiya ko‘rsatkichi — 8,7%, 2020 yilda — 6%) oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oshishi va tengening qadrsizlanishi bilan izohlanadi. Jahon banki ma’lumotlariga ko‘ra, pandemiya cheklovlarining bandlik va daromadlar darajasiga salbiy ta’sir ko‘rsatishi natijasida, 2020 yilda mamlakatda qashshoqlik darajasi 14 foizgacha oshgan (mamlakat Mehnat vazirligi bu ko‘rsatkichni 5,3 foiz deb baholamoqda).


Foto: Turar Kazangapov / Tengrinews.kz.

2021 yilning yanvar-oktabr oylarida Qozog‘istonning tashqi savdo aylanmasi 14,1 foizga o‘sib, 82,2 mlrd dollarni tashkil qildi. Xususan, eksport ko‘rsatkichi 23,5 foizga oshdi va 49,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Shu bilan birga, qayta ishlangan mahsulotlar eksporti 24,4 foizga yoki 15,5 mlrd dollargacha ko‘paydi. Tovarlar importi esa 33,1 mlrd dollargacha qisqardi.

2020 yilning yanvar-sentabr oylari holatiga ko‘ra, Qozog‘istonning asosiy eksport tovarlari ro‘yxatidan neft xomashyosi (18,7 mlrd dollar), mis va katodlar (2 mlrd), tabiiy gaz (1,9 mlrd), uran (1,3 mlrd), ferroqotishmalar (1,3 mlrd), rudalar va mis konsentratlari (1,12 mln), bug‘doy (730,7 mln), rudalar va qimmatbaho metallar konsentratlari (545,4 mln), neft mahsulotlari (464,3 mln), rudalar va temir konsentratlari (452,1 mln) va boshqalar joy olgan.

Bu davrda mamlakatga sovutish uskunalari (1,6 mlrd dollar), nasoslar, kompressorlar va ventilyatorlar (1,1 mlrd), dori vositalari (829,2 mln), telefon apparatlari (708,8 mln), quvur armaturalari (632,7 mln), suyuqliklar yoki gazlar uchun filtrlash uskunalari va qurilmalari (542 mln), yengil avtomobillar (495,9 mln), hisoblash mashinalari (412 mln) va boshqalar import qilingan.

O‘zbekiston va Qozog‘iston savdo-iqtisodiy aloqalari

mlrd dollar
Qozog‘iston bilan savdo aloqalari
2018
2019
2020
2021 yilning yanvar-noyabr oylari
Jami
2,9
3,3
3,0
3,5
O‘zbekistondan eksport
1,3
1,4
0,9
1,0
Qozog‘istondan import
1,6
1,9
2,1
2,5

«Gazeta.uz» Davlat statistika qo‘mitasiga O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasidagi savdo aloqalariga oid ma’lumotlarni so‘rab murojaat qildi. Qo‘mitaning ma’lum qilishicha, 2020 yilda ikki davlat o‘rtasidagi tovar ayirboshlash hajmi 3 mlrd dollarni, 2021 yilning 11 oyida esa 3,53 mlrd dollarni tashkil qilgan.

Qozog‘iston — O‘zbekistonning tashqi savdo aylanmasida Xitoy (17,7 foiz) va Rossiyadan (17,4 foiz) keyin 9,3 foizlik ulush bilan uchinchi raqamli yirik savdo hamkori hisoblanadi. Tashqi savdo aylanmasining passiv balansiga qaramay, bu mamlakat strategik ahamiyatga ega tovarlar yetkazib beruvchisi va O‘zbekiston mahsulotlari eksporti uchun eng yirik bozorlardan biridir.

Ikki davlat o‘rtasidagi tovar aylanmasi tarkibida asosiy o‘rinni qishloq xo‘jaligi xomashyosi mahsulotlari egallaydi.

Davlat statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2020 yilda O‘zbekiston Qozog‘istonga umumiy qiymati 250,4 mln dollarlik jami 625,1 ming tonna meva va sabzavotlar eksport qilgan (bu meva-sabzavot eksportining deyarli 25 foizi, eksport geografiyasida Rossiyadan keyin ikkinchi o‘rinda — 255,4 mln dollar). 2021 yilning yanvar-noyabr oylarida esa 175 mln dollarlik mahsulot yetkazib berilgan.

Qozog‘iston, shuningdek, O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan yengil avtomobillarning asosiy xaridori hisoblanadi. 2020 yilda umumiy qiymati 167,9 mln dollar (jami eksportning 80,4 foizi), o‘tgan yilning 11 oyida esa 290 mln dollarga (83,8 foiz) teng yengil avtomobillar eksport qilingan. O‘zbekiston ham Qozog‘istondan yengil avtomobillar sotib oladi — ikki yildan kamroq vaqt ichida avtomobillar importi hajmi 196,9 mln dollarni tashkil etgan.

O‘zbekistonlik eksportyorlar ham qo‘shni davlatga ichimliklar (2020 yilda — 10,2 mln dollar, 2021 yil yanvar-noyabrda — 10,9 mln dollar), metall rudalari va parchalari (27,4 mln/40 mln), birlamchi va birlamchi bo‘lmagan shakldagi plastmassa (43 mln / 44,3 mln), o‘g‘itlar (15,8 mln / 23,5 mln), cho‘yan va po‘lat (30,7 mln / 37,7 mln) to‘qimachilik ip va matolari (22,4 mln / 18,2 mln), kiyim-kechak mahsulotlari (21,5 mln / 30,5 mln), poyabzal (9 mln / 7,8 mln) va boshqalar yetkazib berishadi.

O‘z navbatida, Qozog‘iston O‘zbekistonga don va un yetkazib beruvchi asosiy davlat hisoblanadi. O‘zbekiston Qozog‘istondan 2020 yilda umumiy qiymati 666,1 mln dollarlik, 2021 yilning 11 oyida esa 664,7 mln dollarlik don va don mahsulotlari (un, yorma) import qilgan. Bu O‘zbekistonga ushbu mahsulotlar importining qariyb 90 foizini tashkil etadi.

Neft va neft mahsulotlari (yoqilg‘i, moylash materiallari va boshqalar) xususida gap ketsa, O‘zbekistonga import qiymati 2020 yilda 174,5 mln dollarni (importning 21,6 foizi), 2021 yilning yanvar-noyabr oylarida esa 206,5 mln dollarni (22,3 foiz) tashkil etgan.

Bundan tashqari, O‘zbekiston korxonalari Qozog‘istondan 2020 yilda 174,5 mln dollarlik (importdagi ulushi — 57,2 foiz), 2021 yilda esa 206 mln dollarlik (40,1 foiz) metall rudalari (temir, mis, nikel va boshqalar) sotib olgan. Cho‘yan va po‘lat importi hajmi mos ravishda 293,6 mln dollar (20,6 foiz) va 434,1 mln dollarni (23,9 foiz) tashkil etgan.

Qozog‘iston, shuningdek, O‘zbekistonga tirik hayvonlar yetkazib beruvchi asosiy davlatlardan biri hisoblanadi. 2020 yilda tirik hayvonlar eksporti taqiqlangani sabab o‘zbekistonlik tadbirkorlar Qozog‘istondan atigi 6,3 mln dollarlik chorva mollarini olib kirishga muvaffaq bo‘lgan bo‘lsa, 2021 yilning 11 oyida bu ko‘rsatkich 70,1 mln dollarga yetdi. Shu bilan birga, 30 noyabrdan boshlab Qozog‘iston yana olti oy muddatga qoramol eksportiga taqiq o‘rnatdi.

Bundan tashqari, qozog‘istonlik fermerlar ikki yildan kamroq vaqt mobaynida O‘zbekistonga 39,3 mln dollarlik go‘sht va go‘sht mahsulotlari eksport qildi.

Qozog‘istonning asosiy eksport mahsulotlari qatoriga, shuningdek, rangli metallar (83 mln / 116 mln dollar), ko‘mir, koks va briket (80,5 mln / 49,7 mln), elektr energiyasi (17,7 mln / 16,2 mln), o‘simlik moyi (53,8 mln / 72,6 mln), yog‘li o‘simliklar va mevalar (35,7 mln / 41,6 mln), farmatsevtika mahsulotlari (2,3 mln / 19,5 mln), sut mahsulotlari va parranda tuxumlari (4,1 mln / 4,1 mln dollar) va boshqalar kiradi.

Mamlakatlar o‘rtasidagi savdo aloqalarida ba’zi cheklovlar ham mavjud. Qozog‘iston Jahon savdo tashkilotining rasmiy a’zosi va YeOII faol ishtirokchisi hisoblanadi. O‘zbekiston hali JSTga a’zo bo‘lib kirmagan (muzokaralar jarayoni ketmoqda) va YeOIIda kuzatuvchi maqomiga ega. Qozog‘iston prezidenti huzuridagi Qozog‘iston strategik tadqiqotlar instituti direktori o‘rinbosari San’at Kushkumbayevning ta’kidlashicha, bu bojxona tariflari va savdo qoidalaridagi farqlar sabab savdo-iqtisodiy munosabatlarni cheklaydi.

Shunga qaramay, O‘zbekiston va Qozog‘iston hukumatlari dekabr oyida o‘zaro tovar ayirboshlash hajmini yaqin besh yil ichida 10 mlrd dollargacha yetkazish bo‘yicha rejalarini e’lon qilgan edi.

Qo‘shma loyihalar


Shavkat Mirziyoyev va Qasim-Jomart Toqayev. O‘zbekiston prezidentining Qozog‘istonga davlat tashrifi, 2021 yil dekabr. Foto: O‘zbekiston prezidenti matbuot xizmati.

So‘nggi yillarda Qozog‘iston va O‘zbekiston bir qator yirik iqtisodiy va investitsion loyihalarni amalga oshirdi. Ularning aksariyati infratuzilma loyihalari, avtomobilsozlik, qishloq xo‘jaligi sohalariga taalluqli loyihalar hisoblanadi. 2020 yil mart oyida «SarыarkaAvtoProm» Qo‘stanay zavodida Chevrolet avtomobillarini yig‘ish yo‘lga qo‘yildi. Turkiston va Chimkentda zamonaviy to‘qimachilik korxonalari ochildi va maishiy texnika ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.

Prezident Shavkat Mirziyoyevning dekabr oyida Qozog‘istonga davlat tashrifi doirasida ikki davlat ishbilarmon doiralari o‘rtasida umumiy qiymati 5,9 mlrd dollarlik shartnomalar imzolangan edi. «Navoiy» EIZ hududida nasos va elektr uskunalarini ishlab chiqarishni tashkil etish hamda Qozog‘istonda Chevrolet Nexia avtomobillarini kichik tugun usulida sanoat yig‘ilishi bo‘yicha bitimlar shular jumlasidandir.

Hozirgi kunda 2024 yilda qurib bitkazilishi rejalashtirilgan «Turkiston — Chimkent — Toshkent» tezyurar temir yo‘l magistrali qurilishi davom etmoqda.

Bundan tashqari, Qozog‘iston va O‘zbekiston 2025 yildan «Qizilo‘rda — Uchquduq» avtomobil va temir yo‘li qurilishini boshlash to‘g‘risida kelishib olgan. Qo‘shma chora-tadbirlar rejasi imzolangan, texnik-iqtisodiy asoslarni ishlab chiqish uchun iqtisodiy tahlil o‘tkazish rejalashtirilgan.

Markaziy Osiyo Mintaqaviy iqtisodiy hamkorlik dasturi ma’lumotlariga ko‘ra (CAREC), Qozog‘iston orqali o‘tuvchi tranzit yuklarni qabul qiluvchi asosiy davlatlar Markaziy Osiyo davlatlari hisoblanadi. Xususan, 2018 yilda tranzit yuk tashish umumiy hajmining 45 foizi O‘zbekiston hissasiga to‘g‘ri kelgan.

2018 yilda asosiy tranzit oqimlarini O‘zbekistondan Rossiyaga kimyoviy moddalar, Rossiyadan Qirg‘iziston, O‘zbekiston va Xitoyga neft, O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Tojikistonga qora metallar tashish, Markaziy Osiyo mamlakatlariga oziq-ovqat yuklari va shakar, O‘zbekistonga temir rudasi, shuningdek, O‘zbekistondan Ukrainaga Qozog‘iston va Rossiya orqali o‘g‘itlar tashish tashkil etgan.

Qozog‘istondagi vaziyat O‘zbekiston iqtisodiyotiga qanday ta’sir qilishi mumkin


Foto: Tengrinews.kz.

Qozog‘istondagi inqiroz fonida neft xomashyosi narxi oshdi, deya qayd etmoqda Reuters agentligi. Brent markali neftning jahon bozoridagi fyucherslari 6 yanvar kuni 1,33 dollarga yoki 1,7 foizga oshib, bir barreli uchun 82,13 dollarni tashkil qilgan. AQShning WTI markali neft fyucherslari narxi 1,55 dollarga yoki 2 foizga oshib, 79,4 dollarni tashkil etgan.

Qozog‘iston OPEK+ alyansi a’zosi bo‘lib, Xalqaro energetika agentligi ma’lumotlariga ko‘ra, noyabr oyida kuniga taxminan 1,7 million barrel neft ishlab chiqargan, bu o‘tgan yilgi kunlik global iste’molning 2 foizdan sal kamrog‘ini tashkil etadi.

Qozog‘istonning Tengiz neft konini boshqaradigan qo‘shma korxonaning 50 foiziga egalik qiluvchi Chevron korporatsiyasi noroziliklardan so‘ng zavodda ishlab chiqarishni qisqartirganini ma’lum qildi, deya yozmoqda The Washington Post.

RBK`ning yozishicha, 6 yanvar kuni Qozog‘istondagi inqiroz va mamlakatga KXSHT tinchlikparvar kuchlarining kiritila boshlanishi fonida rubl kursi bir dollar uchun 77 rublgacha tushib ketdi. Geosiyosiy fonning yomonlashuvi Rossiya milliy valyutasining zaiflashishiga olib kelishi mumkin, bu esa ushbu mamlakatdan O‘zbekistonga pul o‘tkazmalariga o‘z ta’sirini o‘tkazishi mumkin.

Qozog‘istondagi siyosiy beqarorlik, shuningdek, uran kotirovkalarining oshishiga ham olib keldi, sababi jahon miqyosida ishlab chiqariladigan uranning 40 foizi aynan shu davlat hissasiga to‘g‘ri keladi. 5 yanvar kuni Comex birjasida uran fyucherslarining narxi 9,26 foizga oshib, bir funt uchun 46 dollarni tashkil qildi, deya xabar bermoqda RBK. O‘zbekiston uran qazib oluvchi davlatlar reytingida beshinchi o‘rinni egallab turibdi va narx oshishidan yutqazmaydi.

Qozog‘istondan strategik ahamiyatga ega bo‘lgan tovarlar importidagi uzilishlar, tranzit yo‘laklarining yopilishi hamda qozog‘istonlik iste’molchilar va korxonalarning import tovarlarga bo‘lgan talabining pasayishi ehtimoli O‘zbekiston iqtisodiyotiga ta’sir qilishi mumkin.