Samarqandlik tadbirkorning auksion orqali sotib olgan 100 tonna chigit mahsuloti Qashqadaryo viloyatidan chiqarilmaganiga ta’minotchi klaster urug‘lik chigit berib yuborgani sabab qilib keltirildi. Bu haqda Qashqadaryo viloyati hokimligi matbuot kotibi Ahror Sodiqov ma’lum qildi.

«Qashqadaryo viloyati bo‘yicha hamma fermer xo‘jalik, klasterlarga biz urug‘ (chigit) tayyorlab beramiz. Holat shunday bo‘ldiki, paxta zavoddagi bizni mas’ul xodimlar chigitni birjaga qo‘yishda noto‘g‘ri xatti-harakatlar bilan urug‘lik chigitni, ya’ni kimyoviy ishlov berilgan chigitni qo‘yib yuborgan… Xatolik bo‘lgan… Shuning uchun biz chigitni qaytarib olish harakatiga tushdik», — deydi korxona rahbari (video).

Uning qo‘shimcha qilishicha, «hozirgi holatda korxona chigitni qaytarib olib, kimyoviy modda aralashmagan yangi chigitni shakllantirib, tadbirkorga berishi kerak».

Biroq, OAVlarga yuborilgan, ta’minotchi korxona va tadbirkor bilan o‘zaro kelishib olgani qayd etilgan xatda klaster rahbari videoda aytganidek birjaga urug‘lik chigit qo‘yilgani emas, balki uning aksi yozilgan.

Foto: Qashqadaryo hokimligi matbuot kotibi.

«Oq Saroy Klaster mas’ul xodimlarining e’tiborsizligi natijasida bugungi kunda zaxirada saqlanayotgan 2022 yil paxta hosili uchun ekilishi rejalashtirilgan urug‘lik chigitni yuklab yuborilgan», — deyiladi unda.

Qolaversa, klasterning ushbu xatolikka yo‘l qo‘ygan xodimlariga nisbatan intizomiy jazo choralari qo‘rilgani qayd etilgan. «Kelib chiqqan kamchiliklarni bartaraf etish maqsadida chigit yuklangan yuk avtomashinalarini „Umakay“ muntazam yo‘l patrul maskanida ma’lum muddatga to‘xtatib turish to‘g‘risida xabar qilindi», — deya tushuntirilgan xatda.

Shundan kelib chiqib, ta’minotchi korxona tomonidan zaxira urug‘lik chigit qaytarib olinib, Marokand Gold Oil Extraction korxonasiga 10 kun muddatda birja savdolarida yutib olingan texnik chigit yuklab berish yuzasidan kelib olingan.

Xronologiya

Yanvar oyi boshida Kattaqo‘rg‘on shahri hokimi Gavhar Alimova Qashqadaryodan Samarqand viloyatiga chigitni olib o‘tishni guyoki taqiqlash to‘g‘risida og‘zaki ko‘rsatma bergani uchun Qashqadaryo viloyati hokimi Murotjon Azimov ustidan shikoyat qildi.

Kattaqo‘rg‘on shahar hokimi so‘z boshida hokim «Qashqadaryo viloyatiga mamlakatning barcha viloyatlarida amal qilinayotgan qonun va qoidalarga nega amal qilinmayapti?» degan savol bilan yuzlangandi.

Qolaversa, tadbirkor undan yordam so‘rab, murojaat qilgani, uning yuklarini ikki viloyat chegarasida YPX xodimlari «Qashqadaryo viloyat hokimining birinchi o‘rinbosari Nodir Erkayevning topshirig‘i asosida ushlab turishganini ma’lum qilgandi.

Shundan so‘ng, u bir necha bor urinishlardan so‘ng, Nodir Erkayev bilan gaplashganini yozgan. «Chigit ortilgan yuk mashinalarini chegaradan o‘tkazishga yordam qilishini iltimos qildim. «…opajon chigitni viloyat hokimi ruxsat bermasa chegaradan chiqara olmayman», dedi Nodir Xudoyberdiyevich, — deya so‘zlab bergandi Kattaqo‘rg‘on hokimi.

Gavhar Alimova shundan so‘ng viloyat hokimi viloyat hokimi Murotjon Azimovning telefon raqamini qiyinchilik bilan topib, vaziyatni tushuntirgan va chigitni qo‘yib yuborishini iltimos qilgan. Viloyatning yangi hokimi esa «masalani o‘rganib chiqib ma’lum qilaman», deya javob qilgan.

Uning so‘zlariga ko‘ra, viloyat rahbari shundan so‘ng, uning SMS xabarlariga javob bermagan hamda uning to‘rt kun davomida yukni o‘tkazish masalasini hal qilish borasidagi sa’y-harakatlari zoye ketgan.

4 yanvar kuni mazkur holatga Qashqadaryo viloyati hokimligi o‘z munosabatini bildirdi.

Xabarda aytilishicha, 28 dekabr kuni Chiroqchi tumanidagi «Umakay» postida Yo‘l harakat xavfsizligi xodimlari tomonidan chigit mahsuloti ortilgan 3 ta yuk transport vositalari to‘xtatilgan. O‘zini chigitni olib ketayotgan korxona ekspeditori deb tanishtirgan Komil ismli shaxs qog‘oz shaklidagi 94 tonna chigit mahsulotini Oq Saroy Klaster MCHJdan Marokand Gold Oil Extraction MCHJga jo‘natilganligi haqida qo‘lda yozilgan (QR kodga ega bo‘lmagan) yuk xatini taqdim qilgan.

«Marokand Gold Oil Extraction olib ketayotgan chigit mahsuloti bo‘yicha QR kodga ega bo‘lgan hisobvaraq-faktura bo‘lmaganligi va taqdim etilgan hujjatlarda shubha tug‘ilganligi sababli 3 ta yuk transport vositalaridagi chigit mahsulotlari qonuniy ravishda vaqtincha saqlovga olingan», — deyiladi viloyat hokimligi xabarida.

«Tezkor qidiruv tadbirlari oshkora va nooshkora usullarda o‘tkazilgani sababli ayrim holatlar oshkor etilmaydi», — deya yakunlangandi bayonot.

Biroq, Qashqadaryo viloyati hokimligi munosabatida Oq Saroy Klaster rahbari aytganidek, birja urug‘lik chigit qo‘yilgani va shu sabab post patrul xizmatida ushlab turilgani haqida biror ma’lumot keltirilmagandi.

Biznes-ombudsman

6 yanvar kuni, voqealar rivojida Biznes-ombudsman Qashqadaryo hokimligini ogohlantirdi.

Xususan, holatga oydinlik kiritish maqsadida Qashqadaryo viloyat hokimligi va IIBga so‘rov xatlari kiritilgan.

«Shu bilan birga, Qashqadaryo viloyat hokimligi Biznes-ombudsman tomonidan 05.01.2022 yilda tadbirkorlik subyektlarining huquqlari va qonuniy manfaatlariga rioya etilishiga doir qonun hujjatlarining buzilishiga yo‘l qo‘yilgan taqdirda tegishli tartibda chora ko‘rish bo‘yicha ogohlantirildi», — deyilgandi xabarda.

Biznes-ombudsman o‘rganish ishlari yakuni bo‘yicha xabar berilishini qo‘shimcha qilgandi.

Antimonopoliya qo‘mitasi

Payshanba kuni shuningdek, Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi ham holat yuzasidan Qashqadaryo viloyati hokimiyati va Qashqadaryo viloyati IIBga so‘rovnoma yuborilganini ma’lum qildi.

«Holat yuzasidan Qo‘mitaga ham murojaatlar kelib tushgan. Ushbu murojaatlar jismoniy va yuridik shaxslarning hamda Monopoliyaga qarshi qonunchilik hujjatlari doirasida chora ko‘rish uchun o‘rganilmoqda. Holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot beriladi», — deyiladi xabarda.

Qolaversa, qo‘mita 2020 yilda ham 3 ta viloyatda shu kabi holat kuzatilganini eslatib o‘tgan.

2020 yil 27 noyabrida Raqobat to‘g‘risidagi qonunining 12 moddasi talablari buzilganligi holati yuzasidan Vazirlar Mahkamasining 2005 yil 12 oktabrdagi 225-sonli qaroriga muvofiq, Qashqadaryo, Xorazm va Surxondaryo viloyat hokimliklariga hamda ushbu viloyatlarning IIBlariga nisbatan Antimonopoliya qo‘mitasi tomonidan 2020 yil 27 noyabrda ish qo‘zg‘atilgandi.

O‘sha yili qonunchilik talablari buzilganligi o‘z tasdig‘ini topganligi sababli hokimliklarga va viloyatlarning IIBlariga nisbatan qo‘mitaning qarori qabul qilingan va ko‘rsatmasi berilgan edi. «Shunga qaramay, Qashqadaryo viloyatida bu kabi holat qayta kuzatilmoqda», — deyiladi xabarda.