Navoiy kon-metallurgiya kombinati uchta mustaqil korxonaga bo‘lindi, deb xabar berdi NKMK matbuot xizmati.

1 yanvardan «Navoiy kon-metallurgiya kombinati» AJ (qimmatbaho metallarni qazib olish va ishlab chiqarish bilan shug‘ullanuvchi), «Navoiyuran» davlat korxonasi (tabiiy uran va nodir yer metallarini qazib olish va qayta ishlash) hamda «Navoiy kon-metallurgiya kombinati jamg‘armasi» tashkil etildi.

Zavodni qayta tashkil etish O‘zbekiston prezidentining 2020 yil 6 martdagi qarorida ko‘zda tutilgan.

sentabr oyida bosh vazir o‘rinbosari, iqtisodiy taraqqiyot va kambag‘allikni qisqartirish vaziri Jamshid Qo‘chqorov hukumat NKMKni xususiylashtirishga tayyorgarlik ko‘ra boshlaganini ma’lum qilgandi. Uning so‘zlariga ko‘ra, 2022 yilda kompaniya aksiyalarining 10−15 foizigachasi sotilishi mumkin.

«Bu O‘zbekistonning yillik daromadi 5 mlrd dollardan ortiq bo‘lgan eng yirik kompaniyasi», — degandi vazir. U, shuningdek, 2024 yilga borib kompaniya aksiyalarining maksimal 10−15 foizini IPOga chiqarish ham rejalashtirilganini qo‘shimcha qilgan. Yakuniy qarorni prezident qabul qiladi.

sentabr oyida zavod o‘zining investitsiya dasturini moliyalashtirish uchun Rossiya VTB bankidan 1 mlrd dollar kredit jalb qilgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek, NKMK oltin rudalarini qazib olish va qayta ishlash kompleksini qurishi ma’lum qilindi.

NKMK mamlakatdagi eng yirik sanoat korxonasidir. Kombinat oltin, uran, nodir metallar qazib oladi, qurilish materiallari va stanoksozlik sanoati uchun xomashyo, keng turdagi xalq iste’moli mollari ishlab chiqaradi. O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan barcha sanoat mahsulotlarining 10 foizi, budjet daromadlarining 18 foizi zavod hissasiga to‘g‘ri keladi. Kompaniyada (2020 yil mart holatiga ko‘ra) 54 mingdan ortiq kishi ishlaydi.

Xomashyo resurslari bo‘yicha NKMK jahon oltin ishlab chiqaruvchilari orasida uchinchi o‘rinda turadi. Biroq uning aktivlari qiymati bu kabi xorijiy kompaniyalarnikidan ancha past. NKMK balans qiymati 1,3 mlrd dollarga baholangan bo‘lsa, ushbu darajadagi xorijiy korxonalarning bozor narxi 11 mlrd dollarni tashkil etadi.