Qozog‘iston prezidenti Qasim-Jomart Toqayev mamlakatda yuz berayotgan tartibsizliklarni xalqaro terrorchilarning agressiv harakati (akt) deya ta’riflab, Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkilotiga (KXSHT) a’zo davlatlar rahbarlariga terrorchilik tahdidini bartaraf etishda yordam so‘rab, murojaat qildi. Bu haqda prezident Xavfsizlik kengashi yig‘ilishida ma’lum qildi, u avvalroq ushbu lavozimda Nursulton Nazarboyevning o‘rnini egallagandi. Qozog‘iston yetakchisining chiqishi televideniya orqali efirga (video) uzatildi. «Gazeta.uz» uning nutqini e’lon qiladi.

«Biz ularga qarshilik ko‘rsatish maqsadida aksilterror operatsiya o‘tkazishimiz kerak. Men aksilterror shtabiga rahbarlik qilaman. Qaroqchilar, haqiqiy terrorchilar sodir etgan teraktlar statistikasi bizga yaxshi ma’lum. [Ular] hozirda Olmaota, boshqa shaharlarda o‘zboshimchalik qilmoqda, ular binolar va infratuzilmani va eng muhimi, o‘qotar qurollar joylashgan binolarni egallab olishmoqda, ular bilim yurtlari kursantlar bilan jang qilishmoqda.

Hozirgi paytda Olmaota yaqinida Mudofaa vazirligining havo-desant bo‘linmalari bilan urush ketmoqda, qattiq jang. Shuningdek, mening taxminimcha, qilgan ishiga ko‘ra, ushbu terroristik to‘dalar xalqaro toifada bo‘lib, ular xorijda jiddiy tayyorgarlikdan o‘tganini hisobga olib — biz tomonimizdan buni Qozog‘istonga hujum deb ko‘rish mumkin — va agressiv akt deb qarash kerak.

Shu munosabat bilan, Kollektiv xavfsizlik shartnomasiga tayanib, bugun men KXSHTga a’zo davlatlar rahbarlariga Qozog‘istonga ushbu terrorchilik tahdidini bartaraf etishda yordam so‘rab, murojaat qildim.

Aslida bu endi tahdid emas. Bu aslida — davlatning yaxlitligiga putur yetkazish va eng muhimi — mendan davlat rahbari sifatida zudlik bilan yordam berishni so‘ragan fuqarolarimizga qilingan hujum.

Mening konstitutsiyaviy burchim fuqarolarimizning farovonligi, xavfsizligi va xotirjamligi yuzasidan g‘amxo‘rlik qilishdan iborat. Shu bois, KXSHT bo‘yicha hamkorlarimizga qilgan murojaatim o‘rinli va o‘z vaqtida bo‘ldi deb hisoblayman. O‘ylaymanki, Qozog‘iston xalqi bu qarorni qo‘llab-quvvatlaydi. Tabiiyki, birgalikda biz, g‘alaba qozonamiz.

Avval aytganimdek, terrorchilik to‘dalari yirik infratuzilma obyektlarini qo‘lga olishmoqda. Xususan, Olmaota aeroporti, beshta samolyot, jumladan, xorijiy samolyotlar qo‘lga olingan. Olmaota hujumga, halokatga, vandalizmga uchradi. Olmaota aholisi jabrlanmoqda, nafaqat jabrlanmoqda, ular terrorchilar, qaroqchilar hujumining qurboni bo‘lishdi.

Shuning uchun, bizning, shu jumladan, shu yerda hozir bo‘lgan Qozog‘iston Respublikasi Xavfsizlik kengashining burchi — davlatimizni tashqi tahdiddan himoya qilish uchun mumkin bo‘lgan barcha choralarni ko‘rishdan iborat.

[…]

Terrorchilar agressiv harakati qurboniga aylangan Qozog‘iston fuqarolariga, jumladan, poytaxt, Olmaota, boshqa shaharlar aholisi bo‘ladimi murojaat qilmoqchiman — men sizlarni ishontirib aytamanki, Qozog‘iston prezidenti sifatida sizning manfaatlaringiz, hayotiy manfaatlaringizni himoya qilish uchun barcha qo‘limdan keladigan choralarni ko‘raman va o‘ylaymanki, biz birgalikda g‘alaba qozonamiz.

Bu bizning mamlakatimiz tarixidagi juda murakkab sahifadir. Ko‘p narsalarni — qanday qilib, nima sababdan sodir bo‘lganini o‘rganishimiz kerak. Biroq, hozir eng muhimi — mamlakatimizni himoya qilish, fuqarolarimizni himoya qilish".

5 yanvar kuni erta tongda, Olmaotada jiddiy vaziyat tus olgunicha, Qasim-Jomart Toqayev o‘zining bayonotida, noroziliklarga yo‘l qo‘ygani uchun alohida javobgarlik hukumat bo‘ynida ekanligini aytib, ijro hokimiyati inflyatsiyani ushlab turish vazifasini uddalay olmaganini ta’kidlagandi.

Olmaotada namoyishchilar shahar hokimligi (akimat) binosini, prezident qarorgohini, aeroport va boshqa obyektlarni qo‘lga olishdi, do‘konlar va savdo markazlari vayron qilindi.

Favqulodda holat avvaliga, Olmaota va Mangistau viloyatida joriy qilingandi, keyinchalik prezident farmonlari bilan butun mamlakatda qo‘llanildi.

Milliy xavfsizlik qo‘mitasi raisi Karim Masimov iste’foga chiqarildi, uning o‘rnini avval Davlat xavfsizlik xizmatiga rahbarlik qilgan Yermek Sagimbayev egalladi. Shuningdek, qo‘mita raisi o‘rinbosari — «A» maxsus xizmati direktori ham almashtirildi, ushbu lavozimga Berik Kunanbayev tayinlandi.

Vlast.kz xabar berishicha, 6 yanvar kuni kechqurun Olmaota aeroporti ozod qilingan, hozirda odatiy ish tartibiga qaytarish choralari ko‘rilmoqda

Qozog‘iston IIV 8 nafar huquqni muhofaza qilish organlari xodimlari vafot etgani, yana 317 nafari jarohatlanganini ma’lum qildi.

Chorshanba kuni tunda cheklangan internet, payshanba kuni kechasi tiklana boshladi. Qozog‘iston internet nashrlari yana ochila boshladi.

Ma’lumot o‘rnida, KXSHTga — Tojikiston, Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, shuningdek Armaniston a’zo hisoblanadi.