«Uzbekistan Airways» kompaniyasi 6 yanvar kuni Olmaota va Aktobega uchishi rejalashtirilgan parvozlar bekor qilinganini ma’lum qildi.

Ma’lumotga ko‘ra, HY9729/9730 Nukus-Aktobe-Nukus va HY763/764 Toshkent-Olmaota-Toshkent yo‘nalishlari bo‘yicha aviaqatnovlar Qozog‘istondagi aeroportlarning texnik sabablariga ko‘ra bekor qilingan.

Ushbu yo‘nalish bo‘yicha parvozlarni amalga oshirish kunlari haqidagi ma’lumot qo‘shimcha e’lon qilinadi.

Yo‘lovchilar bekor qilingan parvozlar aviachiptalarining to‘liq qiymatini chipta sotib olingan joyda qaytarib olishlari yoki boshqa sanaga bepul qayta bronlashlari mumkin.

Oldinroq, Qozog‘istonning Oqtov shahridagi aeroport yopilganligi sababli Urganchdan ushbu shaharga parvozlar bekor qilingan edi.

Qozog‘istonda 2 yanvar kuni boshlangan namoyishlar 5 yanvar kuni tartibsizliklarga aylanib ketdi. OAV Olmaota aeroportining namoyishchilar tomonidan egallab olinganligini va butun mamlakat hududida favqulodda holat o‘rnatilganligi haqida xabar bermoqda.