30 dekabr kuni Namanganliklar.uz Telegram kanalida Yo‘l harakati xavfsizligi xodimining niqob taqish majburiyati bekor qilinganini aytgan videosi e’lon qilindi.

Videoda YPX xodimi nima uchun niqob taqmasdan yurganligi bo‘yicha berilgan savolga «maska „otmen“ bo‘lgan, 1 noyabrdan otmen bo‘lgan», deya javob bergan.

«Gazeta.uz» ushbu holat bo‘yicha Ichki ishlar vazirligi matbuot kotibi Shoxrux G‘iyosovdan izoh so‘radi.

Uning ma’lum qilishicha, tibbiy niqobni taqish majburiyati Koronavirusga qarshi kurash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi tomonidan bekor qilinmagan.

«Yo‘l harakati xavfsizligi xodimining harakatlariga tegishli huquqiy baho beriladi», — dedi IIV matbuot kotibi.

IIV YHXBB ma’lum qilishicha, ushbu voqea 30 dekabr kuni soat 10:30 larda Toshkent viloyati, Ohangaron tumani hududidan o‘tuvchi A-373 avtomobil yo‘lining 143-kilometrida sodir bo‘lgan. Unda YPX xodimi I.Xusanov Lacetti haydovchisini to‘xtatgan va tibbiy niqob taqmaganligi bo‘yicha e’tiroz bildirilganda, xodim tibbiy niqob taqish majburiyligi bekor qilinganligini ta’kidlab, fuqaroga noto‘g‘ri ma’lumot yetkazgan, deyiladi xabarda.

Toshkent viloyati IIBB YPX xodimi I.Xusanovga nisbatan xizmat tekshiruvi o‘tkazmoqda.

2020 yil 23 martdan boshlab jamoat joylarida himoya vositalarisiz (niqob) bo‘lish taqiqlangan. 25 martdan boshlab ushbu qoidani buzganlarga nisbatan jarima qo‘llaniladi, uning miqdori BHMning 5 baravarigacha oshirilgan edi.