Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 28 dekabr kuni bo‘lib o‘tgan majlisda «Qiynoqlar qurbonlariga tovon to‘lash tartibini takomillashtirishga» qaratilgan O‘zbekiston Fuqarolik kodeksiga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risidagi qonun loyihasini birinchi o‘qishda ma’qulladi.

Hujjat bilan Fuqarolik кодексининг 991-moddasiga (tergovga qadar tekshiruv, surishtiruv, dastlabki tergov, prokuratura va sudning noqonuniy xatti-harakatlari natijasida yetkazilgan zarar uchun javobgarlik), uni qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy va qadr-qimmatni kamsituvchi muomala va jazolar natijasida yuzaga kelgan zarar uchun javobgarlik to‘g‘risidagi norma bilan to‘ldirish nazarda tutilgan.

Kodeksning 1021-moddasi 2-qismiga qiynoqlar hamda shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazoning boshqa turlari natijasida fuqaroga zarar yetkazilgan hollarda ma’naviy zararni qoplashni kiritish taklif etilmoqda.

Inson huquqlari bo‘yicha Milliy markaz direktorining birinchi o‘rinbosari Mirzatillo Tillabayev yig‘ilishda so‘zga chiqib, mazkur qonun loyihasining qabul qilinishi qiynoqlar jabrdiydalarining huquqlarini himoya qilish va tiklash mexanizmlarini takomillashtirish, moddiy, ma’naviy va boshqa zararlar uchun kompensatsiya to‘lanishini ta’minlashga imkon yaratishiini ta’kidladi.

Uning so‘zlariga ko‘ra, qonun loyihasi quyidagilarni inobatga olgan holda qabul qilinishi kerak:

  • • BMT Inson huquqlari qo‘mitasining qiynoqlar qurbonlariga yetkazilgan zararni qoplash bo‘yicha tavsiyalari;
  • • BMTning terrorizmga qarshi kurashda inson huquqlari va asosiy erkinliklarini rag‘batlantirish va himoya qilish bo‘yicha maxsus ma’ruzachisi Fionnuala Ni Aolain dekabr oyida O‘zbekistonga tashrifi chog‘ida ushbu masalalarga e’tibor qaratdi;
  • • qiynoq holatlari O‘zbekistonning xalqaro maydondagi obro‘siga putur yetkazadi, shu jumladan, mamlakatning iqtisodiy, siyosiy va huquqiy reyting va indekslardagi mavqeiga ta’sir qiladi;
  • • 10 apreldan O‘zbekiston uchun Yevropa Ittifoqining barqaror rivojlanish va samarali boshqaruv bo‘yicha maxsus imtiyozlar tizimi (GSP+) kuchga kirdi. GSP+ kelishuviga qo‘shilish orqali mamlakat 30 dan ortiq asosiy xalqaro konvensiyalarni samarali amalga oshirish majburiyatini zimmasiga oldi, ulardan 7 tasi inson huquqlariga oid;
  • • Qonunning qabul qilinishi O‘zbekistonning xalqaro shartnomalardagi majburiyatlarini milliy qonunchilikka, jumladan, BMTning Qiynoqlar va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala yoki jazolarga qarshi Konvensiyasining 14-moddasiga muvofiq amalga oshirish imkonini beradi.

Mirzatillo Tillabayevning aniqlik kiritishicha, qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala hamda jazo turlarini qo‘llash (JK 235-modda) ma’muriy qamoqqa olingan shaxsga, shuningdek gumon qilinuvchiga, ayblanuvchiga, sudlanuvchiga, mahkumga, guvohga, jabrlanuvchiga, jinoyat protsessining boshqa ishtirokchisiga yoxud ularning yaqin qarindoshlariga ulardan yoki boshqa uchinchi shaxsdan biror-bir axborot olish, jinoyat sodir etganligiga iqrorlik ko‘rsatuvi olish maqsadida, ularni sodir etilgan qilmish uchun o‘zboshimchalik bilan jazolash yoxud biror-bir harakatni sodir etishga majburlash maqsadida huquqni muhofaza qiluvchi organning yoki boshqa davlat organining xodimi tomonidan yoxud uning dalolatchiligida yoki xabardorligida yoxud indamay bergan roziligi bilan boshqa shaxslar tomonidan qo‘rqitish, urish, do‘pposlash, qiynash, azob berish yo‘li bilan yoki qonunga xilof boshqa harakatlar vositasida sodir etilgan qonunga xilof ruhiy, psixologik, jismoniy bosim o‘tkazish yoki boshqacha tarzda bosim o‘tkazishni nazarda tutadi.