O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 22 dekabr kuni Toshkent viloyatidagi Olmaliq shahriga tashrif buyurib, Olmaliq kon-metallurgiya kombinatining «Yoshlik-1» konini o‘zlashtirish bo‘yicha 5,12 mlrd dollarlik loyihasining amalga oshirilishini ko‘zdan kechirdi.

Kon hududi 11 ming gektarni tashkil etadi, zaxirasi esa yiliga 65 million tonna ma’dan qazib olish quvvatiga ega. Bu konda oltin, mis, kumush, molibden, selen kabi 13 turdagi qimmatli va nodir metallar bor. Ularni qayta ishlash uchun Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida 3-mis boyitish fabrikasi qurilmoqda.

«Misni qayta ishlab chiqaradigan 1 va 2- korxonalarimiz bor edi — MOF-1, MOF-2, biz mana, MOF-3 qilyapmiz. Islohotlarni boshlaganimizda, O‘zbekistonning yer osti boyliklariga e’tibor qilganimizda, oxirgi 25 yilda geologiyaga e’tibor berilmagani uchun biz shunchalik yer osti boyliklarimiz borligini bilmagan edik. Sizlar bilmaysizlar qanchalar boy odam ekanligingizni, qanday yer osti boyliklari ustida yashayotganingizni», — dedi davlat rahbari tabassum qilgancha.

Uning so‘zlariga ko‘ra, avvallari «uskuna, ilm va amaliyot integratsiyasi bo‘lmagani» sababli tabiiy resurslarni aniqlash imkoni bo‘lmagan.

«Tekshiruvlarni boshlaganimizda 16 mln [tonna] zaxira borligini aniqlagan edik. Navoiy KMKda [oltin] zaxira 3 ming tonnaga yetmasa, bu yerda 5 ming tonnadan ko‘proq», — dedi u.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

«O‘tgan safar (29 iyul)da kelganimda „Yoshlik-1“ konining yangi loyihalariga tamal toshi qo‘ygandik. Men hozirgina taqdimotlar davomida misni qayta ishlash fabrikasining 5−6-sini qurish bo‘yicha topshiriq berdim», — dedi davlat rahbari

Shavkat Mirziyoyev dunyoda yashil iqtisodiyotga asosiy urg‘u berilayotganini ham ta’kidlab o‘tdi.

«Elektromobillar ham misdan yasalyapti. Endi misni qayta ishlab, qo‘shimcha qiymat yaratish- tayyor mahsulotni eksport qilishni yo‘lga qo‘yishimiz kerak. Qachon bo‘ladi, deb aytarsiz. Biz xorij tajribasi va hamkorligi asosida 2023 yilda 3-misni qayta ishlash fabrikasini ishga tushiramiz. Bu korxonalar xalqimizga, uning hayotini yaxshilashga xizmat qiladi», — dedi u.

Kombinatning JORC kodeksi bo‘yicha baholangan mis resurslari 45 million tonnani, oltin resurlari esa 5 ming tonnadan ziyodni tashkil etadi. Bunga asoslanib, 2030 yilda mis ishlab chiqarish hajmini 515 ming tonnaga, oltinni 52 tonnaga, kumushni 343 tonnaga olib chiqish bo‘yicha konsepsiya tayyorlangan. Buning evaziga kombinatning yillik ishlab chiqarish hajmini 8 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.

Foto: Prezident matbuot xizmati.

Olmaliq KMKdagi 2 milliard dollarlik boyitish zavodi Enter Engineering va «Uralmashzavod» kompaniyalari tomonidan qurilmoqda. Dastlab, loyiha SFI Management Group ostida Renaissance Heavy Industries tomonidan amalga oshirilishi kerak edi, biroq fevral oyida ular loyihadan chetlashtirildi. Noyabr oyida zavod qurilishi uchun Rossiyaning VEB.RF rivojlanish korporatsiyasi hukumat kafolati va kafilligisiz 712 mln yevro miqdorida kredit ajratdi.

2020 yilda O‘zbekistondagi Muruntov Navoiy oltin kareri ketma-ket ikkinchi yil oltin qazib olish bo‘yicha dunyoning yetakchi konlari reytingida birinchi o‘rinni egalladi. Bu kondan o‘tgan yili 56,7 tonnaga yaqin oltin qazib olindi.

Oltin O‘zbekistonning asosiy eksport mahsuloti hisoblanadi. 2020 yilda ushbu metall 5,8 milliard dollarga (umumiy eksportning 38,3 foizi), 2019 yilda 4,9 milliard dollarga (28,2 foiz), 2021 yil yanvar-noyabr oylarida esa 26,5 foiz miqdorida eksport qilingan.