Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasiga «Nutella» tovar belgisi ostida shokolad ishlab chiqaruvchi Italiyaning «FERRERO S.p.A.» kompaniyasi vakili murojaat qildi deya xabar bermoqda qo‘mita matbuot xizmati.

Arizachi o‘z murojaatida mahalliy ishlab chiqaruvchi «POLAT A.S.» MCHJning «Ramella» shokolad pastasini ishlab chiqarishda aynan bir xil qadoqlash va aniq o‘xshash tasviriy elementlardan foydalangani iste’molchilarni ishlab chiqaruvchi haqida chalg‘itayotganini bildirgan.

«Nutella» savdo belgisi 1987 yilda kompaniya tomonidan xalqaro miqyosda ro‘yxatga olingan. 2000 yilda «Ramella» kompaniyasi ham tegishli tartibda ro‘yxatga olingani ma’lum qilingan.

Maxsus komissiya holat bo‘yicha «POLAT A.S.» MCHJni Raqobat to‘g‘risida»gi Qonunning 13-moddasining birinchi qismini buzgan deb topdi.

Unga ko‘ra, «13 moddaning uchinchi xatboshisidagi tovarning xususiyati, ishlab chiqarilish usuli va joyi, iste’mol xossalari, narxi, sifati, ishlab chiqaruvchining (bajaruvchining) kafolat majburiyatlari xususida iste’molchilarni chalg‘itish, xo‘jalik yurituvchi subyekt (raqobatchi) tomonidan fuqarolik muomalasiga kiritiladigan tovarni uning tashqi bezatilishi va shaklini, nomini, tamg‘alanishini, etiketkasini, o‘rovini, ranglar uyg‘unligini, tovar belgisini takrorlash, reklama materiallaridan yoki xo‘jalik yurituvchi subyektning (raqobatchining) tovarini individuallashtiruvchi boshqa elementlardan nusxa ko‘chirish orqali qalbakilashtirish talablari buzilgan», deyiladi xabarda.

Shuningdek, jamiyat zimmasiga qonun buzilishni bartaraf etish, kelgusida bunday huquqbuzarliklarning oldini olish majburiyati yuklatilgan.