Ijtimoiy tarmoqlarda Toshkentda joylashgan «Malika» bozori 125 mlrd so‘mga sotilgani haqida xabarlar tarqaldi. Moliya vazirligi matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga ushbu xabarlarning noto‘g‘ri ekanini ma’lum qildi.

«Bu ma’lumot ichida sotilgan va sotilishi rejalashtirilgan obyektlar bitta jadvalda ketib qolganini ma’lum qilamiz. Shu borada „Malika“ savdo majmuasi hali sotilmaganligini ma’lum qilmoqchimiz. Tushunmovchilik uchun uzr so‘raymiz» — deyiladi vazirlik izohida.

Qayd etilishicha, ushbu jadvalda 2021 yil yakuniga qadar sotilishi rejalashtirilgan davlat aktivlari keltirilgan. Bundan tashqari, vazirlik izohida jadvalda keltirilgan obyektlarning hech biri hali sotilmaganligi ma’lum qilindi. Shuningdek, ushbu holat bo‘yicha to‘g‘ri ifoda etilgan jadval taqdim etildi.


To‘g‘ri ifodalangan jadval

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan «Brodvey»dagi DXXning sobiq binosi, «Malika» bozori va boshqa obyektlar, shu jumladan birinchi prezidentning qizi Gulnora Karimovaga tegishli bo‘lgan «Sijjak» dam olish zonasini sotib olishga arizalar qabuli boshlangani haqida xabar berilgan edi.