20 dekabr kuni soat 07:50 da Toshkent shahar Uchtepa tumani «Farhod» ko‘chasida «O‘rikzor-Do‘mbirobod» 125 yo‘nalishida harakatlanib ketayotgan «Mercedes-benz» avtobusida yong‘in chiqdi.

FVV bergan ma’lumotlarga ko‘ra, holat bo‘yicha tuman FV bo‘limidan 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji voqea joyiga soat 07:56 da yetib borgan.

Yong‘in soat 08:00 da o‘chirilgan. Buning oqibatida avtobusning motor qismi yonib zararlangan.

Hodisa oqibatida hech kim jabrlanmagan. Halok bo‘lganlar yo‘q.

«Toshshahartransxizmat» ma’lum qilishicha, ushbu avtobus 2009 yil ishlab chiqarilgan bo‘lib, tasarruf boshidan buyon 836037 km, so‘nggi servis xizmatidan keyin esa 7621 km masofani bosib o‘tgan.

Dastlabki ma’lumotga ko‘ra, avtobusning dvigatel qismidagi yuqori bosimli shlang yorilishi oqibatida kollektorga moy oqib kuchli tutash sodir bo‘lgan. Hozirda, «Toshshahartransxizmat» AJning Ishlab chiqarish texnik bo‘limi xodimlari tomonidan xizmat tekshiruvi olib borilmoqda.

Ta’kidlanishicha, «18-Avtobus saroyi» MCHJ mutasaddi xodimlari tomonidan avtobus 21 dekabr kuni ta’mirlanib, yo‘nalishga chiqarish mo‘ljallangan.

Hozirda mutaxassislar tomonidan yong‘in sababi va keltirilgan moddiy zarar miqdori aniqlanayotgani qo‘shimcha qilindi.