Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi «Toshkent ETK» AJ tomonidan DSS kompaniyasiga hisoblangan 1,75 mlrd so‘m miqdoridagi qarzni asossiz deb topdi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, elektr ta’minoti korxonasi tomonidan ushbu MCHJga elektr tarmog‘iga ulanishga ruxsat berilgan, ammo oradan 4 oy o‘tishiga qaramay, transformator va elektr energiyasini hisobga olish uskunasi plombalanmagan hamda ro‘yxatga olinmaganligi tufayli 1,75 mlrd so‘m qarzdorlik hisoblangan.

Elektr energiyasidan foydalanish qoidalari talablariga muvofiq, elektr energiyasini hisobga olish asboblarini o‘rnatish, ro‘yxatga olish va plombalash ishlari elektr tarmoqlari korxonasining hududiy tuzilmalari mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi belgilangan.

Biroq elektr tarmoqlari korxonasi zimmasiga yuklatilgan vazifasini bajarmaydi va tadbirkorga asossiz ravishda qarzdorlik hisoblaydi.

Mazkur ish bo‘yicha elektr tarmoq korxonasining shikoyati sud tomonidan ko‘rib chiqilib, rad qilingan va qo‘mitaning qarori o‘z kuchida qoldirilgan hamda tadbirkorning manfaatlari himoya qilingani aytildi.

Qo‘mita ma’lumotlariga ko‘ra, 2021 yilning o‘tgan davrida qo‘mita tomonidan tadbirkorlarning 44 mingga yaqin murojaati ko‘rib chiqilib, 162,14 mlrd so‘mga yaqin mablag‘ ularning foydasiga qayta hisob-kitob qilingan.