TikTok O‘zbekistonda qadriyatlar, urf-odatlar va mentalitetga mos tarzda yana qayta ochilishi mumkin. Buni Milliy mass-mediani qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov ma’lum qildi.

Uning o‘z telegram kanalida yozishicha, TikTok kompaniyasi vitse-prezidenti doktor Teo Bertram hamda kompaniya mas’ul xodimlari bilan onlayn uchrashuv o‘tkazgan va o‘zaro hamkorlik masalalarini muhokama qilgan.

«TikTok vakillariga tarmoqning ichki normalari va ayrim tartib-qoidalarini ko‘rib chiqish, uni O‘zbekiston qadriyatlari, urf-odatlar va mentalitetimizga moslash bo‘yicha takliflar berdim. Ular tomonidan bu taklif albatta inobatga olinishi, bu borada hamkorlik, shu bilan birga o‘zbek tilini ham kiritishga tayyor ekanliklari ma’lum qilindi», — deb yozdi Komil Allamjonov.

Shuningdek, u TikTok zararli bo‘lsa uni foydali resursga aylantirish lozimligini, shu va bunga o‘xshash kompaniyalar faoliyatini cheklash emas, balki ular bilan yaqindan muloqot, hamkorlik o‘rnatgan holda ishlash hamma uchun ko‘proq manfaatli va to‘g‘riroq bo‘lishi mumkinligi haqida fikr bildirgan.

O‘zbekistonda 2 iyuldan beri «TikTok», «Twitter», «Skype», «VKontakte» va «WeChat» ijtimoiy tarmoqlari faoliyati cheklangan. Ushbu platformalar hanuz Shaxsga doir ma’lumotlar subyektlari huquqlarini buzuvchilar reyestrida qolmoqda.

Chorshanba kuni TikTok foydalanuvchilari tarmoq ochilishni boshlaganini ma’lum qilishgandi. Biroq, payshanba kuni «Gazeta.uz» tekshirganida TikTok uzilishlar bilan ishlayotgani ma’lum bo‘ldi.