«Tolibon» harakati rahbariyati o‘zi tuzgan hukumat vazirlari, shuningdek, boshqa rasmiy shaxslarga Tashqi ishlar vazirligi ruxsatisiz xorijiy diplomatlar bilan uchrashishni taqiqladi. Bu haqdagi xabar 13 dekabr kuni Afg‘oniston Islom Amirligining Twitter sahifasida e’lon qilindi.

«Afg‘oniston Islom Amirligi bosh vaziri (Mulla Muhammad Hasan Oxund) chiqargan farmonga ko‘ra, amirlik vazirlari va amaldorlariga protokol uchun javobgar hisoblangan Tashqi ishlar vazirligining diplomatlari va davlatlar elchilari (departament ruxsatisiz) bilan uchrashishi taqiqlanadi», — deyiladi xabarda.

Bunda farmon matni yoki uning asl nusxasi e’lon qilinmadi.

«Tolibon» o‘z hukumati tarkibini Kobulda hokimiyat qo‘lga kiritilganidan uch hafta o‘tib, 7 sentabr kuni e’lon qildi. Uning tarkibiga 33 kishi kirdi.