Xitoyning Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical biofarmatsevtika kompaniyasi ularning koronavirusga qarshi vaksinasi omikron shtammidan himoya qila olishini ma’lum qildi. Bu haqda RIA Novosti xabar berdi.

«Xalqaro ko‘p markazli klinik sinovning uchinchi bosqichi natijalari rekombinant vaksinaning har qanday darajadagi COVID-19'ga qarshi himoya qilish samaradorligi 81,43 foizni tashkil etishini ko‘rsatdi», — deyiladi xabarda.

Kompaniyaning qo‘shimcha qilishicha, so‘nggi tadqiqotga ko‘ra, «rekombinant vaksina omikron shtammidan ham yaxshi himoya qiladi».

Tadqiqot shuni ko‘rsatdiki, vaksina koronavirusdan o‘lim ehtimolini 100 foizga va delta shtammidan 80 foizdan ortiqroq darajada himoya qiladi.

Vaksina Anhui Zhifei Longcom Biopharmaceutical kompaniyasi va Xitoy fanlar akademiyasi Mikrobiologiya instituti tomonidan ishlab chiqilgan. 2020 yil 19 iyun kuni vaksina klinik sinovlar uchun mamlakat rasmiylaridan ruxsat olgan. Birinchi bosqich — 22 iyun kuni, ikkinchi bosqich esa — 10 iyulda boshlangan. Klinik sinovlarning uchinchi bosqichi o‘sha yilnig 18 noyabr kuni Xunan provinsiyasi Syantan shahar okrugida, 10 dekabr — Toshkent shahrida boshlangan.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Pfizer-BioNTech kompaniyasi koronavirusning Omicron shtammidan himoya qila oladigan uchinchi doza ustida ishlayotgani haqida xabar bergandi. Ushbu doza bilan emlash antitanachalar himoyasini dastlabki ikki dozaga nisbatan 25 baravarga oshiradi. Pfizer mutasaddi tashkilotlar ruxsat bergach, 2022 yildan Omicron`ga qarshi 4 mlrd buster doza ishlab chiqarishni reja qilgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin JSST Janubiy Afrikada aniqlangan koronavirusning B.1.1.529 shtammini «xavotirli variant» deb tasniflagan edi. Tashkilot unga Omikron deb nom berib, uni virusning boshqa shakllariga qaraganda tezroq tarqalishi mumkinligini qayd etgandi.