Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori o‘rinbosari Hilola Alimova ayni kunda markazda 7 nafar chaqaloq, 18 yoshgacha bo‘lgan 97 nafar bola davolanayotganini ma’lum qildi. Bu SSV matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, Covid markazning jonlantirish bo‘limlarida 2 nafar bemor bola shifokor va hamshiralarning nazorati ostida davo muolajalarini olmoqda.

«Bemorlar orasida 64 nafar homilador ayol ham bo‘lib, ayni kunda ularning 3 nafari reanimatsiya bo‘limida davolanyapti. E’tiborlisi, joriy yil boshidan buyon shifoxonamizda 422 nafar chaqaloq dunyoga keldi», — dedi shifokor.

Avvalroq, Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasi direktori Anvar Husanov shifoxonada 160 nafarga yaqin bola davolanayotgani, kasallangan o‘rta holatdagi bemor muolajasi uchun davlat hisobidan 15 mln so‘mgacha mablag‘ sarflanayotgani ma’lum qilgan edi.

Shuningdek, 4 dekabr kuni Anvar Husanov Zangiota yuqumli kasalliklar shifoxonasida koronavirusga gumon qilingan, PZR test tasdiqlangan va pnevmoniyaga chalingan 737 nafar bemor davolanayotganini qayd etgan. Uning so‘zdlariga ko‘ra, so‘nggi 10 kun ichida muassasaga o‘rta hisobda har kuni 85 nafar bemor qabul qilinib, kuniga ularning o‘rtacha 63 nafari sog‘aymoqda.

11 oktabrda Zangiota 1-son yuqumli kasalliklar shifoxonasiga 18 yoshgacha bo‘lgan 3 658 nafar bola COVID-19 tashxisi bilan yotqizilgan. Ularning eng katta qismi, ya’ni 1 263 nafarini 7 yoshdan 18 yoshgacha bo‘lgan bolalar tashkil etgan.