The Economist jurnalining 2021 yilgi reytingida Toshkent dunyoning eng arzon shaharlari uchligidan joy oldi. Reytingni tuzishda barcha shaharlar bazaviy 100 reytingiga ega Nyu-York bilan solishtirilgan.

Tahlilchilar 200ta tovar va xizmatlar narxini taqqoslashgan. Unga ko‘ra, Isroil poytaxti Tel-Aviv yashash uchun eng qimmat shaharlar reytingida birinchi o‘rinni egalladi, bir yil davomida ushbu shahar besh pog‘ona yuqoriga ko‘tarildi.

Qayd etilishicha, Tel-Aviv birinchi marta shekel kursining tez o‘sishi, shuningdek, oziq-ovqat, spirtli ichimliklar va transport narxlari o‘sishi sababli reytingning birinchi o‘rinidan joy oldi. Dunyoning eng qimmat shaharlari o‘ntaligiga, shuningdek Nyu-York, Jeneva, Kopengagen, Los-Anjeles va Osaka ham kirdi.

Ta’kidlanishicha, odatda eng qulay va xavfsiz bo‘lgan shaharlarda yashash qimmatroqqa tushadi. Ya’ni eng qimmat shaharlar ro‘yxatiga tushgan shaharlarning deyarli barchasi avvalroq dunyoning yashash mumkin bo‘lgan eng yaxshi joylar ro‘yxatiga kiritilgan.

Dunyoning uchta eng arzon shaharlari ro‘yxati:

  • Damashq (Suriya);
  • Tripoli (Liviya);
  • Toshkent (O‘zbekiston).

Eslatib o‘tamiz, Toshkent dunyoning eng arzon shaharlari ro‘yxatida 2020 yilda beshinchi, 2019 yilda uchinchi o‘rinni egallagan edi. Shuningdek, O‘zbekiston poytaxti 2021 yilda xorijlik mutaxassislar uchun eng arzon shaharlar uchligina kirdi (2020 yilda ham).