«O‘zbekneftgaz» AJga qarashli avtomobillarga yoqilg‘i quyish shoxobchalarida 26 noyabr kuni soat 20:30dan boshlab Ai-80 markadagi benzinning 1 litri 6890 so‘mdan sotuvga chiqariladigan bo‘ldi. Bu haqda kompaniya matbuot xizmati «Gazeta.uz»ga xabar berdi.

«O‘zbekneftgaz»ga tegishli AYOQSHlarda so‘nggi kunlarda benzin taqchilligi kuzatilgani sababli internet ijtimoiy tarmoqlarida tanqidiy muhokamalar bo‘ldi. Benzin taqchilligini oldini olish uchun «O‘zbekneftgaz» va «Tovar xom-ashyo birjasi» AJ hamkorligida chora-tadbir ishlab chiqildi.

Xabarda qayd etilishicha, respublika hududidagi «O‘zbekneftgaz»ning barcha AYOQSHlarda benzin bo‘lishi ta’minlanadi.

Avvalroq, Monopoliyaga qarshi kurashishi qo‘mitasi benzin narxining oshish sabablari va narxni tushirish bo‘yicha rejalari haqida ma’lum qilgandi.