17 noyabr soat 6:00 da Toshkent shahrida iflos qor yog‘di, deb xabar bermoqda O‘zgidromet.

Qordan pH (kislotalilik), elektr o‘tkazgichlilik va ion tarkibini aniqlash uchun namunalar olingan. Qor namunalari olinganda ifloslangan qor qatlamlari (qizg‘ish loy rangi) kuzatilgan.

«Ifloslangan qor yog‘ishiga 4 noyabrda Qozog‘iston janubida va 16 noyabrda Buxoro viloyatida kuzatilgan qum bo‘ronlari sabab bo‘ldi. Agar Toshkentda 14 noyabrda yog‘inlar yog‘ib havo tozalangan bo‘lsa, Buxoro viloyatida esa yog‘inlar bo‘lmadi», — deyiladi xabarda.

17 noyabrda respublikaning butun xududiga shamolning tezlashishi va ba’zi joylarda qumli bo‘ron bilan sovuq nam havo massasi kirib keldi.

«Shamol tezligidan ko‘tarilgan chang masofaga ko‘chdi hamda tuproq va qum rangini bo‘yab Toshkent shahriga cho‘kdi», — deya tushuntirdi O‘zgidromet.

Atmosfera havosi tahlil natijalari ko‘rsatkichlariga ko‘ra, qorning ishqorli muhiti pH-9,6 ni tashkil etdi, Odatda esa pH-7 bo‘ladi. Elektr o‘tkazuvchanlik 73,2 ni tashkil qilgan, bu anionlar va kationlarning uncha katta bo‘lmagan konsentratsiyasidan dalolat bo‘ladi va inson salomatligiga ziyon yetkazmaydi.

5:10 da Toshkent shahrida atmosfera havosida muallaq zarralarning keskin oshishi qayd etildi. Va bu ruxsat etilgan maksimal konsentratsiyaning 2.3 baravarini tashkil qildi. Yog‘inlarchilik natijasida havoni tozalanishi sodir bo‘lgan.