Toshkent metropoliteni va Rossiyaning «Transmashxolding» (TMX) kompaniyasi poytaxt metropolitenini rivojlantirish konsepsiyasi doirasida hamkorlik memorandumini imzoladi. Bu haqda 12 noyabr kuni TMX matbuot xizmati xabar berdi.

Hujjatni TMH bosh direktori Kirill Lipa va «Toshkent metropoliteni» rahbari Rahmonbek Usmonov imzoladi. Memorandum 2022−2032 yillarda amal qiladi.

Memorandum doirasida tomonlar infratuzilmani rivojlantirish, harakatlanuvchi tarkib va yo‘lovchi tashish sohasida hamkorlik qilish niyatida.

Hamkorlik, shuningdek, metropolitenning hammabopligi va talabgirligini oshirish maqsadlarida boshqaruv jarayoniga raqamli tizimlarni joriy etish, xavfsizlik tizimini takomillashtirish, boshqaruv va harakatlar dispetcherligiga mikroprotsessorli tizimlarni tatbiq etish, yer usti yo‘lovchi transporti va metropoliten tarmoqlarini integratsiya qilishni ko‘zda tutadi. Qayd etish joizki, oktabrda O‘zbekiston prezidenti 6 tametro bekati atrofida avtoturargohlar qurish, 7 tametro bekatida esa transport o‘tish bog‘lamalarini tashkil etish to‘g‘risidagi qarorni imzolagan edi.

Memorandum metropoliten hududida savdo va reklama xizmatlarini ko‘rsatish tizimini joriy etish, shahar atrofi, shahar yo‘lovchi transporti va metropolitenni integratsiyalash uchun logistika markazini yaratishda ko‘maklashishni ham nazarda tutadi.

TMX metro vagonlari ishlanmalari va ularni ishlab chiqarish bilan shug‘ullanadi. Xolding korxonalarida turli yillarda ishlab chiqarilgan harakat tarkiblari dunyoning 11 davlati, jumladan, O‘zbekistondagi jami 19 ta metroda yo‘lovchilarni tashimoqda.

Avvalroq Toshkent metropolitenining Chilonzor yo‘nalishini «Buyuk ipak yo‘li» bekatidan TTZ massivigacha uzaytirish rejalashtirilgani haqida xabar berilgan edi. Yer osti liniyasini yotqizishning ikkita varianti — Mirzo Ulug‘bek ko‘chasi va Buyuk Ipak yo‘li ko‘chasi orqali amalga oshirilmoqda.