Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Yevropa mintaqaviy byurosi O‘zbekiston va Qirg‘izistonda «Birlamchi tibbiy-sanitariya yordami sohasida yuqumli bo‘lmagan kasalliklarni oldini olish va nazorat qilish bo‘yicha xizmatlardan foydalanish imkoniyatlarini yaxshilash» yillik loyihasini ishga tushirmoqda.

Bu haqda 15 noyabr kuni Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti va Butunjahon qandli diabetga qarshi kurashish jamg‘armasi hamkorligida ikki davlat sog‘liqni saqlash vazirliklari vakillari ishtirokida o‘tkazilgan yuqori darajadagi tadbirda ma’lum qilindi.

«Gazeta.uz»ga JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi xabar berishicha, Butunjahon qandli diabet jamg‘armasi tomonidan moliyalashtirilgan loyiha 1 mln dollardan ortiq budjetga ega bo‘lib, Barqaror rivojlanish maqsadlariga erishish, shu jumladan 2030 yilga qadar yuqumli bo‘lmagan kasalliklardan kelib chiqadigan erta o‘limning uchdan birini kamaytirishga va umumiy tibbiy qamrovni ta’minlashga xizmat qiladi.

Qandli diabet yuqumli bo‘lmagan kasalliklarning to‘rtta asosiy turidan biridir. Xalqaro diabet federatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, dunyo bo‘ylab 425 milliondan ortiq odam ushbu kasallikdan aziyat chekmoqda va ularning aksariyati diabetning ikkinchi toifasi bilan og‘rigan bemorlardir. O‘zbekistonda qandli diabet bilan kasallanganlar soni 245 ming nafardan ortiq bo‘lib, shundan 2300 nafardan ortig‘i bolalar va 879 nafari o‘smirlar hisoblanadi.

Tadbirda O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri va JSSTning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari (pastki chap burchakda) ishtirok etdi. Foto: JSST.

Loyihaning maqsadi birlamchi tibbiy yordamga e’tibor qaratgan holda klinik amaliyotda yuqumli bo‘lmagan kasalliklar asoratlarini nazorat qilish va oldini olish sifatini oshirish orqali umumiy tibbiy qamrovga erishishga yordam berishdan iborat.

Bemorlarni terapevtik o‘qitish orqali mazkur turdagi va surunkali kasalliklarni o‘z-o‘zini nazorat qilish sifatini oshirish va hamshiralar hamda boshqa tibbiyot mutaxassislarining vakolatlarini kengaytirish, shuningdek, dalillarga asoslangan siyosatni amalga oshirish va tizimli tibbiy yordamni joriy etish orqali strategik yetakchilikni kuchaytirish kerak, deya qayd etilgan JSST bayonotida.

Loyiha natijasida birlamchi tibbiy-sanitariya yordami guruhlari salohiyatini kuchaytirish, qandli diabetga chalingan bemorlarda oyoq parvarishi bo‘yicha hamshiralarni o‘qitish va uni oldini olish, qandli diabetni o‘zi nazorat qilishi bo‘yicha treninglarda ro‘yxatga olingan bemorlar sonini ko‘paytirish, oyoqlarni muntazam tekshirish va diabetik retinopatiya skriningidan o‘tkazish hamda diabet bilan og‘rigan bemorlarda diabet va qon bosimini yaxshiroq nazorat qilishga erishish ko‘zda tutilgan.