Toshkentda 15 yoshli maktab o‘quvchisi bilan yaqinlik qilgan jismoniy tarbiya o‘qituvchisi va uning sheriklariga oid ish ko‘rib chiqildi.

Avvalroq, Toshkent shahar IIBB 27 aprel kuni 8 sinf o‘quvchisi 2006 yilda tug‘ilgan voyaga yetmagan qizga nisbatan dastlab 1991 yilda tug‘ilgan A.X. tomonidan, keyinchalik uning ikki tanishi — M.M. va B.G‘. tomonidan jinsiy turdagi jinoyat sodir etilgani haqida xabar kelib tushgani va gumondorlar qo‘lga olinganini ma’lum qilgandi.

Toshkent shahar sudi matbuot xizmati xabar berishicha, 11 noyabr kuni, JIB Mirobod tuman sudida sudlanuvchilar A. X., B. G. va M. M. ga nisbatan jinoyat ishi bo‘yicha yopiq sud jarayoni nihoyasiga yetgan va sud hukmi e’lon qilingan.

Sud hukmiga ko‘ra A. X. Jinoyat kodeksining 128-moddasi (16 yoshga to‘lmagan shaxs bilan jinsiy aloqa qilish) 2-qismi «a» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybli deb topildi. Unga 4 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Uning sheriklari B. G. va M. M. Jinoyat kodeksining 128-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etgan deb topildi. Ularning har biriga 2 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlandi.

Hukmdan norozi taraflar hukm e’lon qilingan kundan 20 sutka ichida shikoyat berishi yoki protest bildirishi mumkin.