Qum va chang bo‘ronlari o‘zi nima

Jahon meteorologiya tashkiloti (JMT) qum va chang bo‘ronlarini odatda o‘simlik qoplami cheklangan qurg‘oqchil va yarim qurg‘oqchil hududlarda sodir bo‘ladigan xavfli atmosfera hodisasi sifatida ta’riflaydi. Kuchli shamol taqir va quruq tuproqdan ko‘p miqdordagi mineral changlarni (qum va boshqa tuproqning ustki qatlami materiallari) ko‘tarib, ularni yuzlab, minglab kilometrlargacha olib boradi.

Chang zarralarining havoda qolish muddati ularning hajmi va ob-havo sharoitlariga bog‘liq: hajman yirik zarrachalar tezroq cho‘kadi, kichikroq zarrachalar esa yuqorida uchib yurishga ko‘proq moyil bo‘ladi. Shuningdek, chang atmosferadan yog‘ingarchilik bilan yuviladi. O‘rtacha hisobda, ular havoda bir necha soatdan (diametri 10 mikrometrdan ortiq bo‘lgan zarralar) 10 kundan ortiq (diametri 1 mikrometrdan kichik bo‘lgan zarralar) muddatgacha saqlanib qoladi.

Qum va chang bo‘ronlari changli tutun yoki changli tuman — tuproqdan ko‘tarilgan chang yoki qum zarralarining havodagi aralashmasi — hosil bo‘lishiga olib keladi. JMT chang yoki qum bo‘ronlari tuman hududida, yaqinida yoki undan uzoqda sodir bo‘lishi mumkinligini ta’kidlaydi. 4 noyabr kuni kechqurun Toshkent shahri va O‘zbekistonning boshqa hududlarini aynan mana shunday chang-qumli tuman qopladi.

«O‘zgidromet» ma’lumotlariga ko‘ra, bunday hodisa mamlakatda 150 yil ichida, ya’ni butun meteorologik kuzatuvlar davomida birinchi marta kuzatilgan. Bir qator hududlarda atmosfera xavosining ko‘rinish darajasi 500−1000 metrgacha, Toshkent shahrida esa 200 metrgacha yomonlashgan.


JMT Osiyo mintaqaviy markazining SDS-WAS (Qum va chang bo‘roni haqida ogohlantirish tizimi va baholash) 5 noyabr 18:00 (UTC) holatiga kuzatuv kadri. Ushbu kadrda Toshkentda ko‘rinish darajasi 200 metrgacha bo‘lganini ko‘rish mumkin. Kattalashtirish uchun bosing.

Qum va chang bo‘ronlarining sabablari

2016 yilda BMTning Atrof-muhit bo‘yicha dasturi (UNEP) tomonidan e’lon qilingan Qum va chang bo‘ronlarining ta’siri bo‘yicha Global baholash hisobotiga ko‘ra, qum va chang bo‘ronlari bir qator o‘zaro bog‘liq bo‘lgan bevosita (tabiiy) va bilvosita (antropogen) omillar natijasida yuzaga keladi (pdf).

Tabiiy omillarga iqlim (shamol tezligi, uning yo‘nalishi, havo harorati va boshqalar), tuproq (turi, tarkibi va boshqalar), o‘simliklar (turi, zichligi va boshqalar) va relef shakli kiradi.

Antropogen omillar hissasiga global miqyosdagi chang chiqindilarining taxminan 25 foizi to‘g‘ri keladi. Ayniqsa, chang emissiyasiga mo‘ljallangan hududlarda inson faoliyati tabiiy ekotizimlar uchun eng katta xavf tug‘diradi.

«O‘simliklarning nobud bo‘lishi, bioxilmaxillikning yo‘qolishi va tuproq yuzasiga ta’sir ko‘rsatish (masalan, tuproqning biologik qobig‘ini yo‘q qilish orqali) bunday hududlarda chang hosil bo‘lishiga moyillikni oshiradi. Inson faoliyati natijasida yuzaga kelgan, suv havzalarining qurishiga olib keladigan gidrologik o‘zgarishlar ham qum va chang bo‘ronlari xavfining oshishiga olib keladi. Shu munosabat bilan changning potensial manbalari bo‘lgan tabiiy ekotizimlarni muhofaza qilish tavsiya etiladi», — deyiladi hisobotda.

Hisobotda qayd etilishicha, o‘simliklar shamol oqimini boshqarish va uning yer yuzasiga ta’sir qiluvchi siljish kuchlanishini kamaytirish orqali mexanik to‘siq hosil qiladi. O‘rmonlar va daraxtzorlarni yo‘q qilish, daraxtlar va jonli to‘siqlar zichligini kamaytirish shamol tezligini oshiradi va havo bo‘ylab tarqalgan zarralarning tutib qolinishini kamaytiradi.

Ekinlarni boshqarishning puxta o‘ylanmagan standartlari (masalan, tuproq unumdorligi, urug‘lik sifati, yerga ishlov berish, ekish va zararkunandalarga qarshi kurash bilan bog‘liq) o‘simliklarning yomon o‘sishiga va tuproq unumdorligining pasayishiga olib keladi, bu esa shamol eroziyasi xavfini oshiradi (tuproqning mayda zarralari shamolda ko‘tarilishi va uchib yurishi).

Changning atrof-muhitga, inson salomatligiga va iqtisodiyotga ta’siri

Atrof-muhit

Chang bo‘ronlari qit’alararo tarqalishi tufayli ham ijobiy, ham salbiy global oqibatlarga olib keladi. Masalan, chang o‘rmonlar va okean yuzasi suvlarini oziq moddalar bilan ta’minlash orqali Yerning biogeokimyoviy sikllarida muhim rol o‘ynaydi. Shu bilan bir qatorda chang issiqxona effekti bilan bir xil ta’sirga ega: u Yer atmosferasiga kirib kelayotgan quyosh radiatsiyasini o‘ziga singdiradi va tarqatadi, yer yuzasiga yetib keladigan miqdorni kamaytiradi va Yer sirtida aks ettirilgan uzun to‘lqinli nurlanishni o‘ziga singdiradi. Sayyoradagi radiatsiya balansidagi o‘zgarishlar qurg‘oqchilikning kuchayishiga olib kelishi mumkin.

Inson salomatligi

Havoning aralash zarrachalar, shu jumladan, chang bilan ifloslanishi ko‘p sonli odamlarning sog‘lig‘iga salbiy ta’sir ko‘rsatadi, chunki bunday aralashmalarning ta’sir kuchi xavfli hisoblanmaydigan xavfsizlik chegarasi yo‘q. Chang zarralari nafas yo‘llarini zararlaydi va bronxit, emfizema, yurak-qon tomir kasalliklari (masalan, insult), ko‘z infeksiyalari, terining zararlanishi va meningokokk meningit kabi kasalliklarni keltirib chiqarishi yoki chuqurlashtirishi mumkin. Bundan tashqari, qum va chang bo‘ronlari ko‘rishning pasayishi va yo‘l-transport hodisalari bilan bog‘liq o‘lim va jarohatlanishlarga olib kelishi mumkin.

Chang zarralari hajmi sog‘liq uchun potensial xavfni aniqlashning asosiy omilidir. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ma’lumotlariga ko‘ra, diametri 10 mikrondan kichik bo‘lgan zarralar (≤ PM10) o‘pkaga chuqur kirib, u yerda joylashib olishi mumkin. Diametri 2,5 mikrondan kichik bo‘lgan zarralar (≤ PM2,5) salomatlikka yanada yomon ta’sir qiladi: ular o‘pkada aerogematik to‘siqni kesib o‘tib, qon aylanish tizimiga tushishi mumkin. Zarrachalarning muntazam ta’siri yurak-qon tomir va nafas olish tizimi kasalliklari, shuningdek, o‘pka saratoni rivojlanish xavfini oshiradi.

Inson sochi tolasi misolida PM10 va PM2,5 zarrachalar o‘lchamlarini ko‘rsatuvchi AQShning Atrof-muhitni muhofaza qilish agentligi infografikasi. O‘rtacha inson sochi tolasining diametri taxminan PM70 ni tashkil qiladi — bu PM2,5 zarrasidan deyarli 30 baravar katta.

Odatda, havoning aralash zarrachalar bilan ifloslanish darajasi bir kubometrga to‘g‘ri keladigan mikrogramm (mkg/m3) bilan o‘lchanadi.

Tavsiya etilgan konsentratsiya miqdori chegaralari:

Mayda tarqalgan aralash zarrachalar (PM2,5)

5 mkg/m3 — o‘rtacha yillik miqdor

15 mkg/m3 — o‘rtacha kunlik miqdor

Yirik tarqalgan qattiq zarralar (PM10)

15 mkg/m3 — o‘rtacha yillik miqdor

45 mkg/m3 — o‘rtacha kunlik miqdor

4 noyabr kuni kechqurun (soat 21:00—23:00 oralig‘ida) Toshkent shahrida havodagi chang miqdori tavsiya etilgan konsentratsiya chegarasidan 30 baravar oshib ketdi.

Iqtisodiyot

Qumli va changli bo‘ronlar qisqa muddatli va uzoq muddatli istiqbolda iqtisodiy ta’sirga ega.

Qisqa muddatli istiqbolda
Uzoq muddatli istiqbolda
Inson salomatligi bilan bog‘liq muammolar va o‘lim
Inson salomatligi bilan bog‘liq umumiy muammolar
Bir yillik va ko‘p yillik ekinlarning zararlanishi
Tuproq eroziyasi va sifatining pasayishi
Uy hayvonlarining o‘limi
Zaharli biologik materiallar (zamburug‘lar, bakteriyalar), og‘ir metallar yoki tuzlarning cho‘kishi natijasida tuproqning ifloslanishi
Infratuzilmaning shikastlanishi (masalan, binolar, telefon tarmoqlari, energiya inshootlari, issiqxonalar)
Global iqlim tartibining buzilishi
Infratuzilmani qum va changdan tozalash xarajatlari (masalan, yo‘llar, aeroportlar, energetika obyektlari)

Transportlar qatnovidagi uzilishlar (havo, avtomobil, temir yo‘l); aviatsiya va yo‘l-transporti hodisalari

Qum va chang bo‘ronlari vaqtida ehtiyot choralari

Qum va chang bo‘roni natijasida salomatlik bilan muammolar xavfi eng yuqori bo‘lgan toifa:

  • chaqaloqlar va bolalar;
  • keksalar;
  • nafas olish tizimi kasalliklari bilan og‘rigan kishilar;
  • yurak-qon tomir kasalliklari bilan og‘rigan kishilar;
  • diabet bilan og‘rigan kishilar.

Qum va chang bo‘roni paytida nima qilish kerak?

  • imkon qadar ko‘proq uyda qoling, deraza, eshik va shamollatish teshiklarini yoping, iloji bo‘lsa, konditsionerni va HEPA (PM2,5) filtrli havo tozalagichni yoqing;
  • agar tashqariga chiqishingiz zarur bo‘lsa, respirator niqob taqing (u yuzingizga mahkam o‘rnashib, juda kichik zarrachalar bilan nafas olishdan himoya qilishi kerak) va ko‘zingizni himoya qilish uchun ko‘zoynak taqing. Agar niqob bo‘lmasa, burun va og‘zingizni nam mato bilan yoping;
  • agar xavfsiz bo‘lsa, keksa yoshdagi va boshqa nochor qo‘shnilardan, ahvoli yaxshi ekanligiga ishonch hosil qilish uchun, xabar oling.

Qum va chang bo‘ronlari oqibatlarini yumshatish

BMTning Cho‘llanishga qarshi kurash konvensiyasi qum va chang bo‘ronlari oqibatlarini yumshatishning uchta yo‘nalishini qo‘llab-quvvatlaydi:

  • Oldindan ogohlantirish tizimlari. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, oldindan ogohlantirish — qum va chang bo‘ronlari oqibatlarini yumshatishda muhim qadamdir. Bu kabi tizimlar mamlakatlarga foydalanuvchilarga qum va chang bo‘ronlari haqida o‘z vaqtida va sifatli prognozlarni taqdim etishda yordam beradi.
  • Hozirlik va barqarorlik. Qum va chang bo‘ronlariga muvofiqlashtirilgan va kelishilgan tarzda chora ko‘rish favqulodda vaziyatda xatarlarni baholash va oqibatlarni yumshatishga yordam beradi.
  • Antropogen ta’sirni yumshatish. Mutaxassislarning fikricha, inson faoliyatining tabiiy ekotizimlarga ta’sirini yumshatish strategiyalari — chang chiqindilarini kamaytirishning, ehtimol, yagona yo‘lidir.

UNEP hisobotida qum va chang bo‘ronlari ta’sirini bartaraf etish bo‘yicha bir qator chora-tadbirlar ham belgilangan. Ularga quyidagilar kiradi:

  • Yaylovlar o‘simliklarini boshqarish (o‘tlarning yonishini kamaytirish, hayvonlarni me’yoridan ortiqcha o‘tlatishdan qochish va h.k.);
  • Tabiiy dasht va cho‘llarda o‘simliklarni muhofaza qilish;
  • Qum tepalarini mustahkamlash («o‘lik» to‘siqlar, o‘tlar va butalarni ekish);
  • Tuproqning shamol eroziyasiga chidamliligini oshirish;
  • Tabiiy va «o‘lik» to‘siqlar, daraxtlar va boshqalarni ekish orqali dalalar ichida va o‘rtasida shamol tezligini pasaytirish;
  • Sanoat korxonalaridan changni tutib qolish tizimlari, qoldiqlarni tozalash va boshqalar hisobiga chang chiqindilarini kamaytirish;
  • Shamol tezligini pasaytirish va chang zarralarining tutib qolinishi uchun shaharlarda o‘rmon boshpanalarini yaratish.