Buxoro shahridagi «Ideal Lift» MCHJ va Janubiy Koreyaning Songuo Mobility Innovation CO, LTD. kompaniyasi bilan hamkorlikda viloyatda elektromobillarni ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda. Bu haqda O‘zA xabar berdi.

1 mlrd 210 mln dollarga teng bo‘lgan loyiha yiliga 30 ming dona elektromobillar ishlab chiqarishni tashkil etishi ko‘zda tutilgan.

«Loyihani amalga oshirish natijasida 450 nafardan ziyod ishsiz aholi bandligi ta’minlanadi, — deydi „Ideal Lift“ MCHJ rahbari Komiljon Qudratov. — Bu loyiha tashqi bozorda respublikaning milliy manfaatlarini himoya qilish, o‘zbek iste’molchilarining manfaatlarini qo‘llab-quvvatlashda muhim ahamiyat kasb etadi».

Janubiy Koreyaning Songuo Mobility Innovation CO., LTD. yetakchi kompaniyasi hamda Buxoro shahridagi «Ideal Lift» MCHJ tomonidan ikki tomonlama, shuningdek, loyiha bo‘yicha tayyorgarlik ishlarini boshlash to‘g‘risida bitim, jumladan yuqori texnologiyali uskunalarni yetkazib berish, loyihalashtirish, montaj jarayoni davomida nazorat qilish va elektromobillar ishlab chiqarish nazarda tutilgan shartnoma imzolandi, deyiladi xabarda.

Iyun oyida Andijon viloyatidagi Asaka zavodida elektromobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi ma’lum qilingan. 2021−2023 yillarda 80 mln dollar investitsiya evaziga, 8 ta loyihani amalga oshirish ko‘zda tutilgan edi.

Avvalroq, Farg‘ona viloyatida dekabr oyida «Central Asia Motors» korxonasida 4 ta yengil va 8 ta yuk elektromobillari test rejimida ishlab chiqarilishi ҳақидаxabar bergan edik. Korxona to‘la quvvati bilan ishga tushgach, yiliga 10 ming elektromobil ishlab chiqarishi kutilmoqda. Ishlab chiqarilgan mahsulotning 40 foizi eksport qilinishi aytilgan.