O‘zbekiston prezidentining tegishli farmoni bilan Qobul Beknazarovich Tursunov Navoiy viloyati hokimi lavozimidan ozod etildi. U hokim sifatida 2016 yildan beri ishlab kelayotgan edi.

Navoiy viloyati hokimi Qobul Tursunov sog‘ligi davolanish talab etilganligi sababli, o‘z arizasiga muvofiq vazifasidan ozod etildi, deya aniqlik kiritdi viloyat hokimligi matbuot xizmati.

Prezident matbuot kotibi Sherzod Asadovning xabar berishicha, yana bir farmon bilan унинг o‘rniga, Normat Tulkunovich Tursunov Navoiy viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi etib tayinlangan.

U 2018 yildan beri Toshkent shahar davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i sifatida faoliyat yuritib kelayotgan edi.

Normat Tursunov 2015 yildan 2017 yilga qadar Navoiy viloyati davlat soliq boshqarmasi boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan, shuningdek 2017−2018 yillarda Davlat soliq qo‘mitasi raisi o‘rinbosari vazifasida ishlagan.

Avvalroq, «Gazeta.uz» Navoiy viloyati hokimi sifatida 2016 yildan beri ishlab kelayotgan Qobul Tursunov ishdan olinishi hamda uning o‘rnini Normat Tursunov egallashi kutilayotgani haqida yozgan edi.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyida prezident Shavkat Mirziyoyev videoselektor yig‘ilishida Qashqadaryo va Navoiy viloyatlari hokimlariga hamda Markaziy bank raisining birinchi o‘rinbosariga hayfsan bergan edi. Bundan tashqari, Qashqadaryo va Navoiy viloyatlarida kamchiliklarga yo‘l qo‘ygan bir qator sektor rahbarlari ishdan olingandi.