Markaziy bank «Pul-kredit siyosatining 2022 yil va 2023−2024 yillar davriga mo‘ljallangan asosiy yo‘nalishlari» dastlabki konseptual loyihasida tartibga solinadigan narxlarni (energetika resurslari, kommunal xizmatlar va boshqalar) erkinlashtirish bo‘yicha rejalarni ma’lum qildi.

«Gazeta.uz» ma’lumotlariga ko‘ra, O‘zbekiston hukumati 2020 yilning fevral-mart oylarida elektr energiyasi va gaz tariflarini oshirishni rejalashtirgan edi. Aprel oyida moliya vaziri o‘rinbosari Odilbek Isoqov koronavirus pandemiyasi va aholi daromadlarining pasayishi sharoitida energiya narxlarini liberallashtirish noma’lum muddatga qoldirilganini ma’lum qildi.

Endilikda bu chora-tadbirlar Markaziy bank tomonidan ishlab chiqilgan O‘zbekiston iqtisodiyotini kelgusi uch yilga mo‘ljallangan asosiy va muqobil ssenariylarida o‘z ifodasini topdi.

Asosiy ssenariyda 2022 yilda birdaniga yoki 2022−2023 yillarda bosqichma-bosqich «narxlarni qo‘yib yuborish» rejalashtirilgan. Ushbu chora-tadbirlar amalga oshirilgach, inflyatsiya darajasi 2022 yilda 8−9 foizni tashkil etishi, 2023−2024 yillarda esa 5 foizgacha pasayishi kutilmoqda, chunki «narx o‘zgarishining ma’muriy tartibga solinadigan tovar va xizmatlarga ta’siri kamayadi».

Iqtisodiyotning 2022 yil birinchi yarmidagi salohiyati, tartibga solinadigan narxlarni liberallashtirish va tashqi inflyatsion xatarlarni hisobga olgan holda, pul-kredit siyosati shartlari «nisbatan qattiq» bo‘lib qoladi.

Bundan tashqari, tartibga solinadigan narxlar bir vaqtda liberallashtirilgan taqdirda, pul bozorida 2−3 foiz atrofida real foiz stavkalarini (haqiqiy foiz stavkalari amaldagi inflyatsiya darajasidan tashqari) shakllantirish choralari ko‘riladi. Va tariflarni bosqichma-bosqich oshirish tanlansa, bu ko‘rsatkich 4−5% gacha oshiriladi.

Ushbu qarorning oqibatlari vaqtinchalik bo‘lishi va iqtisodiyotda real foiz stavkalarining sezilarli o‘zgarishiga olib kelmasligi kutilmoqda. Markaziy bank pul-kredit siyosati bo‘yicha aholiga har tomonlama tushuntirishlar berish orqali inflyatsiyani jilovlash choralarini ko‘radi.

Muqobil ssenariy sharoitida esa makroiqtisodiy rivojlanishni shakllantirish tartibga solinadigan narxlarni liberallashtirishni kelgusi yillarga (2023 yildan keyin) kechiktirishni talab qiladi. Natijada, 2022 yilda bosh inflyatsiya 7,5−8,5 foiz, 2023 yilda esa taxminan 5,6−6,6 foiz darajasida prognoz qilinmoqda.

2024-yilda pul-kredit siyosati qarorlarining muhim omillaridan biri tartibga solinadigan narxlarni liberallashtirish jarayoni bo‘ladi.

Ssenariylar

MBning qayd etishicha, tashqi va ichki sharoitlarning kelgusidagi o‘zgarishi bo‘yicha hali ham yuqori noaniqliklar saqlanib qolayotganligini inobatga olib, o‘rta muddatli makroiqtisodiy prognozlarni ishlab chiqishda ikki xil ssenariy asosidagi rivojlanish kutilmalariga tayanildi. Bunda, tashqi va ichki omillarning makroiqtisodiy ko‘rsatkichlarga ta’sir ko‘lami va davomiyligini inobatga olib o‘rta muddatli makroiqtisodiy rivojlanishning asosiy va muqobil ssenariylari ishlab chiqildi.

Ushbu ssenariylarni ishlab chiqishda tashqi iqtisodiy sharoitlardagi o‘zgarishlar, xalqaro moliya institutlarining jahon iqtisodiyoti bo‘yicha prognozlari va asosiy eksport tovarlari narxlari, asosiy savdo hamkorlari bo‘lgan mamlakatlardagi kutilayotgan vaziyatlar va ichki iqtisodiy sharoitdagi ehtimoliy tendensiyalar hisobga olindi.

Shart-sharoitlar

Ta’sir etuvchi omillari va kanallar

Asosiy ssenariy

Muqobil ssenariy

Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat

Pandemiya bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashib boradi, vaksinalash muvafaqqiyatli davom ettiriladi

Virusning yangi shtammlari paydo bo‘lishi tufayli karantin choralari lokal tarzda yana kuchayish ehtimollari oshadi

Tashqi talab

Tashqi faollikning tiklanishi fonida asosiy savdo hamkorlarda tashqi talab ortib, eksport hajmlari o‘sib boradi. Jahon iqtisodiyotida 2022 yil va undan keyingi yillarda XVJ bazaviy ssenariysi bo‘yicha o‘sadi

Logistika va inson harakatlanishida qiyinchiliklarning saqlanib qolishi eksport hajmlari o‘sish sur’atiga salbiy ta’sir ko‘rsatadi. Jahon iqtisodiyotida 2022 yilda yana pasayish kuzatilishi mumkin

Pul o‘tkazmalari hajmi uzoq yillik trend doirasida o‘suvchi dinamikaga ega bo‘ladi

Pul o‘tkazmalarida 2022 yilda o‘sish dinamikasi kuzatilmaydi, 2023−24 yillarda o‘sish sekin sur’atlarda tiklanadi

Neft narxi 2022 yilda yuqori darajada saqlanib qoladi (benzin narxiga tashqi bosim ma’lum darajada saqlanib qoladi)

Neft narxi 2022 yilda pasayuvchi dinamikaga ega bo‘ladi (ichki bozorda benzin narxiga pasaytiruvchi ta’sir ko‘rsatadi)

Asosiy savdo hamkorlar valyutalarida keskin o‘zgarishlar kuzatilmaydi. Milliy valyuta kursi nisbatan barqaror shakllanib, real samarali almashuv kursiga nisbatan kuchli bosim yuzaga kelmaydi va RSAK uzoq muddatli trend doirasida shakllanadi

Tashqi qarz yukining ortishi, neft narxining pasayishi va boshqa salbiy omillar ta’sirida asosiy savdo hamkorlar valyuta kurslari yuqori sur’atlarda qadrsizlanishi mumkin. Bu, o‘z navbatida, real samarali almashuv kursining trenddan uzoqlashishiga olib keladi

Oltin narxi

Oltinning xavfsiz aktiv sifatidagi roli 2022−2024 yillarda bosqichma-bosqich pasayib boradi

Oltinning xavfsiz aktiv sifatidagi roli saqlanib qolib, 2022 yilda o‘suvchi dinamikaga ega bo‘ladi, 2023 yildan pasayib boradi

Tashqi moliyaviy sharoitlar

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalar 2022−24 yillarda bosqichma-bosqich sezilarli o‘sib boradi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarda 2022 yilda o‘sish kuzatilmaydi va 2023−24 yillarda sekin tiklana boshlaydi

Jahon iqtisodiyotining tiklanishi bilan rivojlangan davlatlarda 2022 yil ikkinchi yarmidan pul-kredit siyosatini qat’iylashtirish fazasiga o‘tiladi va moliya bozorlarida foiz stavkalari bosqichma-bosqich oshib boradi

2022 yilda ham rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarda joriy pul-kredit siyosati sharoitlari saqlanib qoladi va uni nisbatan qat’iylashtirish 2023−2024 yillarga kechiktiriladi

Iqlim o‘zgarishi, hosildorlik darajasi

Asosiy oziq-ovqat narxlari indeksi (FAO) 2022 yilda pasayadi va 2023−2024 yillarda uzoq muddatli trendi atrofida shakllanadi. Tovarlar yetkazib berilishi va logistikasidagi uzilishlar tiklanadi. Iqlim o‘zgarishlari ta’sirlari minimallashadi va ishlab chiqarish oshib boradi.

Asosiy oziq-ovqat narxlari indeksi (FAO) 2022 yilda o‘suvchi dinamikada bo‘ladi, 2023−2024 yillarda biroz pasayishi mumkin. Yetkazib berish, logistika hamda ekish davrida mehnat resurslarida qiyinchiliklar, iqlim o‘zgarishlarining ta’sirlari saqlanib qoladi va moslashuvchanlik o‘zgarmaydi.

Ichki sharoitlar va yalpi talab

2022 yildan fiskal konsolidatsiya boshlanadi. 2023−2024 yillarda umumiy fiskal defitsit bosqichmabosqich pasayib boradi.

2022 yilda ham fiskal rag‘batlantirish saqlanib qoladi. Umumiy fiskal defitsit hajmi 2022 yilda 2020 yil darajasida bo‘lishi mumkin.

2022 yilning birinchi yarmida YAIM tafovuti to‘liq yopiladi va 2023 yilda iqtisodiyot o‘zining potensial darajasiga yetadi

Iqtisodiyotda real daromadlarning tiklanishi ortga suriladi. 2023 yilning birinchi yarim yilligigacha YAIMning salbiy tafovuti saqlanib qoladi, iqtisodiy o‘sish o‘zining potensiali darajasidan past bo‘ladi

Moliyaviy barqarorlik sharoitlari

Kreditlar qoldig‘ining o‘sishi nominal YAIM o‘sish darajasida bo‘lib, yuqori qaytuvchanlik darajasi saqlanib qoladi

Kreditlar qoldig‘ining o‘sishi nominal YAIM o‘sish darajasida bo‘lsada, kreditlarning qaytuvchanlik darajasi 2021 yil darajasidan pasayishi mumkin. Umidsiz qarzlar (NPL) salmog‘i oshib borishi mumkin

Tarkibiy islohotlar

1) Tartibga solinadigan narxlar 2022 yilda bir martada to‘liq yoki 2022−23 yillar davomida bosqichma-bosqich erkinlashtiriladi

Tartibga solinadigan narxlarni erkinlashtirish masalasi kechiktirilib, 2023 yildan keyinga qoldiriladi

Sanoat va qishloq xo‘jaligi sohasidagi tarkibiy islohotlar muvaffaqiyatli amalga oshiriladi.


Tashqi savdo shartlari xalqaro standartlarga bosqichmabosqich moslashtirib boriladi. Iqtisodiyotdagi va importdagi konsentratsiyalashuv darajasi bosqichma-bosqich pasaytiriladi.

Ichki bozorning har bir sohasida raqobat oshib boradi. Amalga oshirilayotgan tarkibiy islohotlar hisobiga iqtisodiyotda mehnat unumdorligi va investitsiyalar samaradorligi oshib borib, iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda moliyaviy va kapital omillariga nisbatan sifat o‘zgarishlari omillarining roli oshib boradi.

Islohotlar asosan sog‘liqni-saqlash tizimida davom ettiriladi, iqtisodiyot sohalarida tarkibiy islohotlarni amalga oshirish sur’atlari biroz sekinlashishi mumkin.

Iqtisodiyotdagi va importdagi konsentratsiyalashuv darajasi oshib boradi va natijada, ichki narxlar tashqi bozorlardagi narxlardan yuqori darajada bo‘lishi mumkin