Xo‘ja Porso masjidining tarixiy binosi buzilganligi holati yuzasidan Farg‘ona viloyati madaniy meros boshqarmasi mansabdor shaxslari va boshqalarga nisbatan Jinoyat kodeksining 132- (Moddiy madaniy meros obyektlarini nobud qilish, buzish yoki ularga shikast yetkazish) va 205- (Hokimiyat yoki mansab vakolatini suiiste’mol qilish) moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Bosh prokuratura axborot ximati rahbari Hayot Shamsutdinovning xabar berdi.

Avvalroq, Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgan Marg‘ilondagi qadimiy Xo‘ja Porso jome masjidi (360 gradusda eski holati ko‘rinishi) buzib tashlangani haqida xabar bergan edik.

U Moddiy madaniy merosning ko‘chmas mulk obyektlari milliy ro‘yxatiga kiritilgandi. Madaniy meros agentligi bino bir necha joyidan yorilgani bois buzib, yangidan qurilayotganini ma’lum qilgan.

Keyinroq Farg‘ona viloyati hokimligi Xo‘ja Porso jome masjidini buzib qayta qurish uchun mas’ul idoralar xulosasi olinganini ma’lum qilgan edi. Madaniy meros agentligi esa loyiha taklifi Ilmiy-ekspert kengashi a’zolari tomonidan bir ovozdan rad etilganini qayd etgan.