Shavkat Mirziyoyev 2022 yil Vengriyaga borishi kutilmoqda. Bu haqda Vengriya bosh vaziri Viktor Orban prezidentning saylovda g‘alaba qozongani munosabati bilan yo‘llagan tabrigida ma’lum qildi.

“Kelgusi yilda Budapeshtda rasmiy tashrif doirasida Prezident janoblari bilan shaxsan uchrashishdan umidvorman hamda ushbu tashrif munosabatlarimizni mustahkamlash uchun yana bir imkoniyat bo‘lishiga ishonaman”, — deydi Vengriya bosh vaziri qutlovida.

Mart oyi oxirida Vengriya bosh vaziri Viktor Orban O‘zbekistonda prezident Shavkat Mirziyoyev bilan muloqot o‘tkazgan edi. Toshkentda O‘zbekiston va Vengriya mamlakatlari o‘rtasidagi strategik sheriklik to‘g‘risidagi qo‘shma deklaratsiya hamda hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan yana 9 ta hujjat imzolangan. Mamlakatlar bandlik, atom energetikasi, qishloq va suv xo‘jaliklari sohalarida hamkorlik qilishni rejalashtirmoqda.

sentabr oyi oxirida Bosh vazir o‘rinbosari Jamshid Qo‘chqorov “Ipoteka-bank” davlat ulushining 75 foizini Vengriyaning OTP Bank banki sotib olayotganini ma’lum qilgan edi.