2021 yilning oktabr oyida inflyatsiya 1,3% ni tashkil etdi. Joriy yilning boshidan iste’mol sektorida narxlarning o‘sish darajasi 7,3 foizni, yillik nisbatda esa 10,6 foizni tashkil etdi, deya xabar berdi Davlat statistika qo‘mitasi.

Xabarga ko‘ra, oktabr oyida narxlar va tariflar oshishi bo‘yicha yetakchilik oziq-ovqat mahsulotlariga tegishli bo‘lib, oy davomida ularning narxlari o‘rtacha 1,9 foizga oshdi. Ushbu davrda nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari 1,1 foizga, aholiga pullik xizmatlar narxlari 0,5 foizga oshdi.

Yillik nisbatda, joriy yilning oktabrida oziq-ovqat mahsulotlari narxlari 14 foizga oshib, uchta asosiy guruhlar orasida narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi bo‘ldi. 2020 yilning oktabr oyidan nooziq-ovqat mahsulotlar narxlari 8 foizga, xizmatlar — 8,4 foizga oshgan.

Umuman olganda, 2021 yilning dastlabki o‘n oyi davomida oziq-ovqat mahsulotlari narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilikni ushlab turibdi (8,7%). Nooziq-ovqat mahsulotlar ushbu davrda 6,1 foizga, xizmatlar yesa 6,6 foizga qimmatlashgan.

oktabr oyida asosiy oziq-ovqat mahsulotlari orasida (meva-sabzavotlardan tashqari) tuxum (11,2%) va tovuq go‘shti (3,6−4,1%) sezilarli darajada o‘sdi. Shu bilan bir qatorda, barcha navdagi guruchlar va guruch oqshog‘i oy davomida o‘rtacha 0,2% ga arzonlashdi.

2020 yilning dekabr oyiga nisbatan o‘simlik yog‘i (1,3 barobar) hamon narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi o‘rinni egallamoqda. Tuxum (-3,5%) va guruch, guruch oqshog‘i (-1,5%) narxlarida pasayish qayd etildi. Yillik nisbatda inflyatsion jarayonlar o‘simlik yog‘lari (1,4 barobar) narxlarining oshishida yaqqol namoyon bo‘lgan bo‘lsa, narxlarning pasayishi tuxum (-1,2%) va guruch (-1,0%) mahsulotida qayd etildi.

Oy davomida meva-sabzavot mahsulotlaridan pomidor (1,5 barobarga), karam (1,4 barobarga), bodring va bulg‘or qalampiri (1,3 barobarga) boshqalarga nisbatan sezilarli darajada qimmatlashdi. Oy davomida narxlarning eng yuqori pasayishi sabzi (-10,5%) mahsulotida qayd etildi.

Narxlar oshishi bo‘yicha yil boshidan ham, yillik nisbatda ham sezilarli ustunlik bilan sabzi (yil boshidan 2,2 barobarga), 2020 yil oktabriga nisbatan (2,1 barobarga) yetakchilik qildi.

Narxlarning eng yuqori pasayishi o‘tgan yilning dekabriga nisbatan bulg‘or qalampiri (3,2 barobarga) va bodring (3,1 barobarga) narxlarida, 2020 yil oktabriga nisbatan yesa bulg‘or qalampiri (-13,5%) va banan (-5,9%) narxlarida qayd etildi.

Joriy yilning oktabr oyida spirtli ichimliklar 1 foizga, jumladan, spirtli ichimliklar va likyorlar 1,3 foizga, vino 0,3 foizga, pivo 0,1 foizga qimmatlashdi. Tamaki mahsulotlari 0,7 foizga qimmatlashdi.

2020 yilning dekabriga nisbatan spirtli ichimliklar 8 foizga, jumladan spirtli ichimliklar va likyorlar 9,2 foizga, vino 5,9 foizga, pivo 4,9 foizga qimmatlashdi. Tamaki mahsulotlari yil boshidan 11,3 foizga qimmatlashdi.

Yillik nisbatda spirtli ichimliklar o‘rtacha 10,4 foizga, tamaki mahsulotlari narxlari 13,1 foizga oshdi. 2020 yilning oktabr oyiga nisbatan spirtli ichimliklar va likyorlar 12,5 foizga, vino 7,1 foizga, pivo 5,5 foizga qimmatlashdi.

2021 yilning oktabr oyida turar joy ijarasi uchun to‘lovlar oy davomida 1,5% ga qimmatlashdi. Shu bilan birga, asosiy turdagi kommunal xizmatlar tariflari va narxlari o‘tgan oydagi darajada o‘zgarishsiz qoldi.

Turar joylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash uchun materiallar oy davomida 0,4 foizga, slesarlar, santexniklar, elektriklar va bo‘yoqchilar xizmatlari 1,1 foizga qimmatlashdi. Yil boshidan turar joylarga xizmat ko‘rsatish va ta’mirlash hamda bunda ishlatiladigan materiallar mos ravishda 7,5 foiz va 5 foizga, (2020 yil oktabriga nisbatan 12,6% va 5,2%), turar joy ijarasi uchun to‘lov 5,9 foizga, sovuq suv va kanalizatsiya uchun to‘lovlar 1,6 barobarga (1,9 barobarga), chiqindilarni yig‘ish va olib ketish uchun to‘lov 3,7 foizga, ko‘p xonadonli uylarga xizmat ko‘rsatish 1,8 foizga (1,9%) qimmatlashgan.

Sog‘liqni saqlash sohasida kuzatiladigan asosiy tovarlar va xizmatlardan 2021 yilning oktabr oyida stomatologlar xizmatlari (1,8%) narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi bo‘ldi. 2020 yil dekabriga nisbatan yil boshidan hamda yillik nisbatda narxlarning yuqori darajada oshishi bo‘yicha diagnostika vizualizatsiyasi va tibbiy laboratoriyalar xizmatlari (mos ravishda 10,8% va 14,1%) yetakchi bo‘ldi.

Mazkur bo‘limda, o‘tgan oydagi kabi benzin oy davomida narxlarning oshishi (o‘rtacha 13,5%) bo‘yicha yetakchi bo‘ldi. Bu oxirgi ikki yil davomidagi eng yuqori o‘sish sur’ati bo‘ldi, deya qayd etdi Davlat statistika qo‘mitasi. Propan oy davomida respublika bo‘yicha o‘rtacha 0,2% ga qimmatlashdi.

Benzin o‘tgan yilning dekabriga nisbatan (1,5 barobar) hamda yillik nisbatda (1,6 barobar) ham narxlar oshishi bo‘yicha yetakchi o‘rinni egalladi. Propan esa, ushbu davrlarda uncha yuqori bo‘lmagan darajada (yil boshidan 27,5%, 2020 yil oktabriga nisbatan 29,0%) qimmatlashdi.

2021 yilning yanvar-oktabr oylarida narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilik davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlari xizmatlariga (13,2%), yillik nisbatda esa — kurslarda o‘qish uchun to‘lovlarga (14,6%) tegishli bo‘ldi.

Kafe va oshxonalardagi tayyor taomlar oy davomida 0,4−1,6% chegarasida qimmatlashdi. Otellar, mehmonxonalar va shu kabi mehmonxonalar hamda dam olish markazlari xizmatlari qiymati o‘tgan oy darajasida qoldi. Joriy yil yanvar-oktabr oylarida, shuningdek, yillik nisbatda ham narxlar oshishi bo‘yicha yetakchilik dam olish markazlari xizmatlariga tegishli bo‘lib, ularning narxlari mos ravishda 18,2 foiz va 21 foizga oshdi.

Eslatib o‘tamiz, bundan oldin Markaziy bank asosiy stavkani yillik 14% darajasida qoldirgan edi. Ushbu qaror yil yakuniga qadar inflyatsiya darajasini 10 foizgacha pasaytirish va kelgusida 5 foizlik inflyatsion targetga erishish maqsadida qabul qilingan. Davlat statistika qo‘mitasining oktabr oyidagi hisobotidan ko‘rinib turibdiki, bu maqsad amalga oshmasligi mumkin.

Markaziy bank o‘z ma’lumotlarida qayd etishicha, pandemiyaning davom etayotganligi, global iqlim sharoitlarining noqulayligi, ishlab chiqarish va yetkazib berishdagi uzilishlar jahonda aksariyat oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini sezilarli darajada o‘sishiga olib keldi. Bu, o‘z navbatida, ichki narxlarga ham ta’sir ko‘rsatmay qolmadi.